Joriy yilning 6 iyulidan 2020-2021 o`quv yili uchun umumta`lim maktablariga 1-sinf o`quvchilarining qabul jarayoni boshlanmoqda. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Keltirilishicha, pandemiya sharoitini inobatga olgan holda, 1-sinfga o`quvchilarning hujjatlari quyidagi ko`rinishda qabul qilinadi:
6-31 iyul kunlari biriktirilgan mikrohudud doirasida;
1-25 avgust kunlari maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib mikrohududdan tashqari.
Shuningdek pandemiya sharoitida ota-onalarning maktablarda to`planib qolishini oldini olish maqsadida Toshkent shahrida tajriba-sinov tariqasida ilk marotaba 1-sinfga boradigan o`quvchilarning hujjat topshirish jarayoni qabul.maktab.uz orqali (5 iyuldan) onlayn navbat asosida amalga oshiriladi. Dastur Toshkent shahrida muvaffaqiyatli tatbiq etilsa, keyingi o`quv yilidan boshlab boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
1-sinfga qabul uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
1.Direktor nomiga ariza;
2.Bolaning tug`ilganlik haqida guvohnoma nusxasi;
3.Ota-onaning pasport nusxalari;
4.Bolaning sog`lig`i to`g`risida tibbiy ma`lumotnoma;
5.Bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati;
"Tegishli yilning 31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to`lmagan, 1-sinfda o`qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumta`lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o`qishga tayyorlash bo`yicha tushuntirish ishlari olib boriladi. Maktab yoshiga to`lmagan bolani maktabga berib qiynagandan ko`ra, maktabgacha tayyorlov tashkilotlariga yuborgan ma`qul ekanligini yana bir bor eslatib o`tamiz.
Farzandingizni umumta`lim maktablarining 1-sinfiga qabul qilish bilan bog`liq savollar, taklif va shikoyatlar yuzasidan tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limlariga murojaat etish mumkin", — qo`shimcha qilmoqda Vazirlik.
Ota-onalardan maktablarga tashrif davomida karantin qoidalariga qat`iy amal qilish hamda ijtimoiy masofa saqlash so`raladi!
Ma`lumot uchun: 2020-2021 o`quv yilida Respublika bo`yicha jami 650 116 nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan.






