Qashqadaryo viloyati IIB ga 33 yoshli X.N. ariza bilan murojaat qildi. U arizasida bayon qilishicha, hozirda Rossiyada ishlaydi, joriy yilning fevral oyida “Telegram” messenjeri orqali S. ismli shaxs bilan tanishib qoladi. U bilan o`zaro yozishadi, o`zining bir nechta fotosurat va videolarni yuboradi.
Oradan vaqt o`tib S. ushbu fotosurat va videolarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib yuborishini aytib, uni qo`rqitadi. Tarqatmaslik evaziga esa undan 1 000 AQSh dollari miqdorda pul talab qiladi.
Shundan so`ng, 21 yoshli tanishi U.O. orqali "shantajchi" S. ni jinoyat ustida qo`lga olishda yordam berishini aytadi.
Mazkur ariza yuzasidan IIB xodimlari Qarshi shahridagi “Sharq ziyokori” savdo binosi yaqinida tezkor-tadbir o`tkazdi. Qamashi tumanida yashovchi 24 yoshli S.A. tadbirda ishtirok etayotgan fuqaro U.O.dan kimyoviy ishlov berilgan 900 AQSh dollari miqdordagi pulni olib, evaziga undagi fotosurat va videolarni o`chirib yuborish uchun o`ziga tegishli “Samsung J8” rusumli uyali aloqa vositasini U.O.ga taqdim qilgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan Qarshi shahar IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.






