«O`zekspomarkaz»da «Sport World Uzbekistan – 2015» sport uskunalari, anjomlari va kiyimlari hamda «Bolalik dunyosi – 2015» bolalar va o`smirlar uchun tovar va xizmatlar xalqaro ixtisoslashtirilgan ko`rgazmalar ochildi.
Ko`rgazmalar O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta`limi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirliklari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi, O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi ko`magida «O`zekspomarkaz» milliy ko`rgazma kompaniyasi tomonidan o`tkazilmoqda.
Joriy yilda ko`rgazmada 30 dan ortiq eksponent o`z mahsulotlarini «Sport inventari», «Sport uskunalari», «Sport trenajyorlari», «Sport xizmatlari va fitnes», «Sog`lom ovqatlanish» kabi turli bo`limlarda namoyish etmoqda.
«Sport World Uzbekistan – 2015» bilan bir maydonda «Bolalik dunyosi – 2015» ko`rgazmasi ham ochildi. Ushbu ko`rgazmada nafaqat bolalar uchun mo`ljallangan tovarlar bilan tanishish, balki bitimlar tuzish, bolalar salomatligi, tarbiyasi va ta`limi xususida muhim ma`lumotlarga ega bo`lish mumkin.





