AsosiyJamiyat

200 va 500 so`mlik banknotalarni muomaladan chiqarmaslik taklif etildi

'200 va 500 so`mlik banknotalarni muomaladan chiqarmaslik taklif etildi'ning rasmi

200 va 500 so`mlik banknotalarning 1 iyuldan muomaladan chiqarilishi bir qator fuqarolarga noqulaylik tug`dirgani haqida ko`plab murojaatlar bo`lmoqda, deya yozmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboev. 

"Ma`lumki, Adliya vazirligida 2018 yil 19 mayda 3014-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan “O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi 50 va 100 so`mlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 so`mlik banknotalarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi to`g`risida”gi nizomga asosan 1997 yil namunasidagi 200 va 1999 yil namunasidagi 500 so`mlik banknotalar shu yilning 1 iyulidan qonuniy to`lov vositasi sifatida o`z kuchini yo`qotdi.

Biroq aholi tomonidan bo`layotgan murojaatlarda 200 va 500 so`mlik banknotalarni savdo va xizmat ko`rsatishda qabul qilinmayotganligi ularga qiyinchilik tug`dirayotganligi bildirilmoqda. Aholi o`z e`tirozlarida xizmat yoki mehnat orqali ega bo`lgan moddiy qiymatga ega mablag`larining o`zlariga bog`liq bo`lmagan sabab tufayli moddiy qiymatini yo`qotganligi va to`lov sifatida qabul qilinmayotganligidan norozi ekanliklarini bildirishmoqda. Bu ayniqsa, etarli darajada ijtimoiy infratuzilmaga ega bo`lmagan, bank hamda yirik savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlaridan olis hududlarda kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan 1 iyul kuni Markaziy bank mutasaddilari bilan bog`lanib aholiga qulaylik yaratish maqsadida 1997 yil namunasidagi 200 va 1999 yil namunasidagi 500 so`mlik banknotalarni muomaladan tabiiy yo`l bilan chiqib ketishi uchun uning qonuniy to`lov vositasi sifatida qo`yilgan kuchini yo`qotish muddatini bekor qilish va muomala vaqtini muddatsiz etib belgilash masalasini ko`rib chiqish haqida taklif kiritildi.

Bu haqida Markaziy bank raisi  M.B.Nurmuratovga deputat nomidan tegishli so`rov xati yubordim.  

Umid qilamizki, Markaziy bank ko`plab saylovchilarni bezovta qilayotgan masalani ijobiy hal etadi", - deyilgan deputut xabarida. 

 

 

    Boshqa yangiliklar