1

Shavkat Mirziyoev Rossiya prezidentini umummilliy ovoz berish jarayoni muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan tabrikladi

Siyosat 02.07.2020, 14:32
Shavkat Mirziyoev Rossiya prezidentini umummilliy ovoz berish jarayoni muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan tabrikladi

Bugun, 2 iyul kuni, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Vladimir Putinni muhim siyosiy tadbir – Rossiya Federasiyasi Konstitusiyasiga tuzatishlar kiritish bo`yicha umummilliy ovoz berish jarayoni muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

Prezidentlar fashizm ustidan qozonilgan G`alabaning 75 yilligiga bag`ishlangan tantanali tadbirlarda O`zbekiston Respublikasi delegasiyasining ishtiroki doirasida Moskva shahrida o`tgan ikki tomonlama uchrashuvning samarali natijalarini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Davlat rahbarlari O`zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida qat`iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Bo`lajak oliy darajali tashriflar kun tartibidagi masalalarga, shuningdek, koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy ta`sirini kamaytirish bo`yicha o`zaro muvofiqlashgan chora-tadbirlarni davom ettirishga alohida e`tibor qaratildi.

Muloqot chog`ida xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitlariga tayyorgarlik ko`rish va ularni o`tkazish masalalari ko`rib chiqildi.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do`stona ruhda o`tdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1