Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi, professor Habibulla Oqilovning mazkur masala yuzasidan bergan ma`lumotlari AOKA rasmiy kanalida e`lon qilindi.
— Rivojlangan davlatlarda kasallik simptomsiz yoki engil shaklda o`tayotgan bemorlar uyda davolanyapti. Hozir bizda ham buning uchun barcha sharoitlar bor. Shuning uchun agar bemor tahlilida koronavirus aniqlangan bo`lsa, lekin uning simptomlari yo`q yoki engil o`tayotgan bo`lsa, masalan aksirmayotgan, yo`talmayotgan, nafasi qisilmayotgan, ta`m va hid sezgilari yo`qolmagan, tana harorati ko`tarilmagan bo`lsa, 5 iyuldan boshlab shu toifadagi bemorlarga uyda davolanishga ruxsat beriladi.
Bu, albatta, ichki ishlar va Milliy gvardiya tomonidan ularning uyda qolishi ta`minlangan holda tashkil etiladi.
Oilaviy poliklinikasidan har kuni ertalab telefon orqali muloqotda bo`lib turiladi. Tana harorating ko`tarilmadimi, yo`talmadingmi, deb xabar olib turiladi.
Bemor talablarga rioya qilsagina, uyda qolishi mumkin. Agar kasalligini bila turib, ko`chaga chiqsa, unga nisbatan javobgarlik belgilangan.
Uyda davolanayotgan bemordan 10 kundan keyin test olinadi va agar manfiy natija olinsa, uni hisobdan chiqarish mumkin bo`ladi.
Uyda davolanayotgan bemorlarga immunitetni ko`taradigan dorilar beriladi. Bu dorilar hamma joyda bor.
Agar bemor telefon orqali muloqotda: «Menda yo`tal paydo bo`ldi, kechqurun biroz haroratim ko`tarildi», desa, u albatta stasionarga olib ketiladi.
Koronavirus aniqlangan bemorning yoshi 65 dan oshgan bo`lsa, yo ortiqcha vazni bo`lsa, yoxud qandli diabet, metabolik sindrom, gipertoniya kabi yondosh kasalliklari bo`lsa, ular simptomlar bor-yo`qligidan qat`i nazar faqat stasionar sharoitda davolanadi.






