AQSh tashkiloti O`zbekistonga 600 ming dollarlik gumanitar yuk jo`natdi

Jamiyat 02.07.2020, 22:52
AQSh tashkiloti O`zbekistonga 600 ming dollarlik gumanitar yuk jo`natdi

Yaqinda Toshkent xalqaro aeroportiga Amerikaning Project Hope xayriya tashkiloti tomonidan yuborilgan gumanitar yukning birinchi partiyasi etib keldi. Bundan ko`zlangan maqsad O`zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlashdir.

Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi xabariga ko`ra, Uzbekistan Airways kompaniyasining maxsus bortida respublikaga umumiy qiymati 600 ming dollarlik individual himoya va dezinfeksiya vositalari, antiseptiklar, COVID-19ni aniqlash uchun qariyb 20 mingta test, shuningdek, defibrillyatorlar, kardiomonitorlar kabi tibbiyot uskunalari olib kelindi.

Shuningdek, iyul oyida Yuta shtatining Solt-Leyk-Siti shahridan umumiy qiymati 800 ming dollarni tashkil etadigan ikki ming nomdan ziyod bo`lgan dori va boshqa vositalarni yuborish rejalashtirilyapti. Bu jarayon AQShning Globus Relief notijorat tashkiloti tomonidan moliyalashtiriladi.

Yana bir nohukumat tashkilot — ADRA tomonidan O`zbekistonda ko`makka muhtoj aholi vakillariga oziq-ovqat, jumladan, bug`doy uni, guruch, o`simlik yog`i, dukkaklilar, tuz, shakar va go`sht mahsulotlarini etkazib berish bo`yicha 400 ming dollarlik loyihasini ishga tushirdi. Yuqori sifatli tovarlar yurtimizning barcha hududlari, xususan, shu yil may oyida toshqindan zarar ko`rgan Sirdaryo aholisiga taqsimlanadi, ayni chog`da ularni bozorlar va supermarketlardan ham xarid qilish mumkin.

Eslatib o`tamiz, Vashingtondagi diplomatik missiyamizda AQShning bir qator xayriya tashkilotlari vakillari bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda O`zbekistonga umumiy qiymati 1,8 mln. dollarlik insonparvarlik yordami ko`rsatish bo`yicha kelishuvga erishilgandi.

Ma`lumot uchun: Project Hope— Virjiniya shtati Milvud shahrida 1958 yilda tashkil etilgan xalqaro nohukumat gumanitar tashkilot bo`lib, sog`liqni saqlash sohasida ko`mak berishga ixtisoslashtirilgan. Faoliyatida onalar va bolalar hamda reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish, sil va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish ustuvorlik kasb etadi. Bugungi kunda dunyoning 26 ta davlatida o`z loyihalarini amalga oshirib kelyapti. O`zbekistondagi vakolatxonasi 1999 yilda ochilgan.

ADRA xalqaro xayriya tashkilotiga 1956 yilda asos solingan bo`lib, ma`muriy qarorgohi Merilend shtati Silver Sprint shahrida joylashgan. Jahonning 125 ta mamlakatida o`z vakolatxonalari mavjud. Sosial-iqtisodiy rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi, birlamchi sog`liqni saqlash va ta`lim tizimi bo`yicha loyihalar orqali aholining ijtimoiy ko`makka muhtoj qatlamlariga yordam berib keladi. ADRA BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashida maslahatchi maqomiga ega.

1996 yilda Yuta shtati Solt-Leyk-Siti shahrida faoliyati yo`lga qo`yilgan Globus Relief notijorat tashkiloti esa AQSh va butun dunyodagi xayriya tashkilotlari o`rtasida dori-darmonlar hamda tibbiyot buyumlarini yig`ish, ishlov berish hamda tarqatishga ko`maklashib kelmoqda. Tashkil topgandan buyon jahonning 140dan ortiq davlatlaridagi 800dan ziyod xayriya tashkilotlariga 1 mlrd. dollardan oshiq dori va tibbiyot vositalarini yig`ish hamda etkazib berilishini ta`minlagan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1