Namangan viloyat perinatal markazida 1 iyul, chorshanba kuni dunyoga kelgan to`rt nafar egiz chaqaloqlar haqida saytimizda avvalroq video-xabar berilgandi.
Bugun egizaklarning onasi Madina Ikromovaga tug`ilganlik haqidagi guvohnomalar topshirildi. Bu haqda Azizbek Abduvaliev xabar berdi.
Chaqaloqlarga Abdulloxon, Abdurazzoqxon, Abdurahmonxon va Abdulvositxon degan ismlar qo`yildi. Ularning otasi Bahodir Hozilov buni xo`jalar avlodidan ekanligi, shu bois bunday ismlar tanlangani bilan izohladi.

Foto: DXA viloyat boshqarmasi axborot xizmati
— 2018 yilda tug`ilgan o`g`lim Rustamxondan 9 oyligida ajralib qolgandik. Xudoyim uning o`rniga 4 nafar o`g`il farzand hadya qildi. Homiladorligimning oltinchi haftasida shifokorlarga ko`ringanimda uch egizak deb aytishgandi. 11 haftalikda esa ularning 4 egizak ekanligi ma`lum bo`ldi, — deydi Madina Ikromova.

Foto: DXA viloyat boshqarmasi axborot xizmati
Chaqaloqlarning onasiga perinital markazda tug`ilganlik haqidagi guvohnomalarni topshirgan Namangan shahar 1-sonli FHDYo mudirasi Nodira Obiddinovaning aytishicha, shaharda 2020 yilning shu kunigacha 8 mingdan ortiq chaqaloq tug`ilgan. Ulardan 200 nafardan ortig`i egizak, 4 nafari uch egizak. 4 egizakning dunyoga kelishi esa yaqin orada ilk bor qayd etilmoqda.