Xorazmda 6 000 AQSh dollari bilan qo`lga tushgan o`qituvchidan 3 500 AQSh dollarini olgan universitet o`qituvchisi Toshkentda ushlandi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar qildi.
Keltirilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Hazorasp tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Hazorasp tumanidagi maktab o`qituvchisi S.D. fuqaro S.ning qizini tanishlari orqali oliy uquv yurtiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 6 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Ushbu holat bo`yicha S.D.ning ko`rsatuvlariga asosan xodimlar tomonidan tezkor tadbir Toshkent shahrida davom ettirilganda, O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o`qituvchisi L.S., xorazmlik S.D.dan fuqaro S.ning qizini ushbu universitetga tanishlari orqali o`qishga kiritib berishni va`da qilib, evaziga 3 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan S.D. va L.S.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.