Sog`liqni saqlash vazirining buyrug`i bilan "Tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini tayinlash, xalqaro patentlanmagan nomlanishi bo`yicha reseptlarni rasmiylashtirish hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qo`llash tartibi to`g`risida"gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qat`i nazar barcha tibbiyot tashkilotlarida bemorga majburiy tartibda xalqaro patentlanmagan nom bo`yicha resept yozilishi lozim.
Bemorga bir vaqtning o`zida 5 va undan ortiq dori vositalari (dori vositalarining turidan qat`i nazar) tayinlanganda buning asosliligi tibbiyot tashkilotlarining bo`lim mudiri yoki navbatchi shifokori yoxud klinik farmakologi bilan kelishilishi lozim.
Asosiy kasallikning asoratlari yoki hamroh kasalliklari mavjud bo`lganda ham shunday tartibga amal qilinadi.
Tayinlangan dori vositalarining asosliligi bemorning tibbiy hisob hujjatlarida (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasi) qayd etilishi va ushbu tibbiy hujjatlar bevosita davolovchi shifokor hamda yuqorida ko`rsatilgan shaxslar tomonidan ham imzolanishi lozim.
Reseptda dori vositasining xalqaro patentlanmagan nomi, tarkibi, shakli, uni tayyorlash va berish haqidagi yozma ko`rsatmasi lotin tilida, dori vositalarini qo`llash usuli esa davlat tilida ko`rsatilishi shart.
Zarur hollarda resept malakali tarjimani ta`minlagan holda bemor tushunadigan boshqa tilda yozilishi mumkin.
Har bir tibbiyot tashkilotidagi davolovchi shifokorlarga resept blankalari ushbu muassasa rahbarining buyrug`i bilan tayinlanadigan javobgar shaxs tomonidan, dam olish va bayram kunlari, shuningdek tungi vaqtlarda esa tibbiyot tashkilotining mas`ul navbatchi shifokori tomonidan beriladi.
Davolovchi shifokor tomonidan quyidagi holatlarda dori vositalariga resept rasmiylashtirilishi taqiqlanadi:
- mijozning tibbiy ko`rsatmasi bo`lmagan holatlarda;
- O`zbekiston Respublikasida davlat ro`yxatidan o`tkazilmagan dori vositalariga (orfan dori vositalari bundan mustasno);
- faqat tibbiyot tashkilotlarida qo`llashga mo`ljallangan dori vositalari, shu jumladan narkoz vositasi sifatida ishlatiladigan dori vositalariga.
Resept O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlari tomonidan berilganda ularning yuqori qismi chap burchagida tibbiyot tashkilotining nomi va manzili tegishli shtamp qo`yilgan holda ko`rsatilishi, xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan berilganda esa qo`shimcha ravishda reseptning yuqori qismi o`ng burchagida ushbu muassasaning faoliyat ko`rsatishi bo`yicha berilgan lisenziyaning tartib raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati ko`rsatilishi lozim.
Reseptda «Ichish uchun», «Ma`lum», «Qoida tariqasida» va boshqa shu kabi qisqartma so`zlardan foydalanish man etiladi.
Reseptda ko`rsatilgan ma`lumotlar aniq va tushunarli tarzda to`ldirilishi, unda o`chirish va tuzatishlarga yo`l qo`yilmasligi lozim.
Bemorga dori vositalarini shoshilinch ravishda yoki zudlik bilan berish zarur bo`lgan taqdirda, resept blankasining yuqori qismiga «cito» (shoshilinch) yoki «statim» (zudlik bilan) belgisi qo`yiladi.
Resept davolovchi shifokorning imzosi va shaxsiy muhri bilan tasdiqlanishi lozim. Bu talab elektron reseptga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Reseptlar davolovchi shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan kundan boshlab 30 kun mobaynida amal qiladi.
Kasalligi surunkali bo`lgan bemorlar uchun ambulatoriya sharoitida kasalliklarning xalqaro tasnifi ro`yxatiga kiritilgan dori vositalari hamda asosiy farmakologik ta`siriga ko`ra anabolik faolligi bilan ajralib turadigan dori vositalariga resept berilganda davolovchi shifokor tomonidan istisno tariqasida reseptda ularning 60 kunlik davolash kursiga etarli miqdori, qolgan tayyor dori vositalariga esa 90 kunlik davolash kursiga etarli miqdori ko`rsatilishi mumkin.
Bunda, reseptda dorixonadan dori vositalarini berish davri (har hafta, har oy va boshqalar) ko`rsatilishi shart. Qog`oz ko`rinishidagi resept «maxsus maqsadlar uchun» yozuvi bilan davolovchi shifokor tomonidan imzolanadi, elektron reseptlarga esa «maxsus maqsadlar uchun» belgisi va elektron raqamli imzo qo`yiladi.
Ushbu Nizomda belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtirilmagan qog`oz ko`rinishidagi yoki elektron resept haqiqiy emas deb hisoblanadi.






