1

Oliy sud ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Bo`stonliqdagi press-tur bilan bog`liq tanqidlar yuzasidan bayonot berdi

Jamiyat 06.07.2020, 20:26
Oliy sud ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Bo`stonliqdagi press-tur bilan bog`liq tanqidlar yuzasidan bayonot berdi

Bir necha kundan buyon Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur, ushbu tadbirga Oliy sud rahbariyatining ishtiroki, shuningdek, noqonuniy qurilishlarga nisbatan ko`rilayotgan qonuniy chora-tadbirlar ijtimoiy tarmoqlarda qizg`in muhokama qilinmoqda.  

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi bu fikr-mulohazalarga hurmat bilan yondoshgan holda sud tizimi faoliyati xususidagi ayrim noxolis va asossiz fikrlarga oydinlik kiritishni lozim topdi, deya rasmiy bayonotni e`lon qildi Oliy sudi matbuot xizmati.

Bunday asossiz tanqidlar ba`zi hollarda odob-axloq me`yorlaridan chetga chiqib, hatto jamiyatning faol a`zolari, xususan, deputat maqomidagi insonlar tomonidan ham bildirilayotgani masalaga shunday yondoshishni taqozo etadi.

Avvalo, shuni ta`kidlash kerakki, Bo`stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur tashkilotchisi O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi emas. Ayni tadbirdan ko`zlangan asosiy maqsad aholiga xolis va haqqoniy axborot etkazish, bu jarayonda noqonuniy qurilmalarni buzish yuzasidan Oliy sud sudyalari tomonidan qabul qilingan sud qarorlariga tushuntirish berish bo`lgani bois Oliy sud rahbariyati tashkilotchi-ishchi guruhining, press-tur ishtirokchilari bo`lgan jurnalist va blogerlarning qat`iy talabiga ko`ra, ishtirok etish haqidagi taklifni (yanayam aniqrog`i, xabarni) qabul qildi.  

Qolaversa, sud hujjatlariga tushuntirish berish sudning to`g`ridan-to`g`ri vakolatiga kiradi. Shunga qaramay huquqiy tushuntirishlarni go`yoki sud organi ijroiya hokimiyatiga «advokatlik qilish» tariqasida talqin qilib, bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali bong urish, yumshoq qilib aytganda, mas`uliyatsizlik va “oq”ni “qora”  deyishdan boshqa narsa emas.  

Ikkinchidan, Bo`stonliqdagi ayrim qurilmalarni buzishga oid nizolar o`sha joyning o`zida, ya`ni sayyor sud majlislarida ko`rib chiqilmoqda.  

Aslida sayyor sud majlislari tomonlarga qulaylik yaratish maqsadida tashkillashtiriladi. Biroq o`tkazilgan sayyor sud majlislari mohiyatini to`g`ri tushunmay, keng jamoatchilikka sudyalarni go`yoki «hasharga kelgan shaxs» sifatida talqin etishni bir tomondan, huquqiy savodsizlik, ikkinchi tomondan, sud obro`yiga putur etkazishga urinish, deb baholash mumkin.

Uchinchidan, nizolarni birinchi instansiyada Oliy sud tomonidan ko`rib chiqilayotgani – sud qarorlariga nisbatan tomonlarning  shikoyat berish huquqini cheklamaydi va bu press-tur jarayonida mas`ul shaxslar tomonidan alohida qayd etilgan.

Nihoyat, to`rtinchidan, amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibga rioya qilmasdan egallab olingan er uchastkalari va bajarilgan qurilishlarni buzishdan o`zgacha tartib belgilanmagan. Sud qarorlari asosida buzilishi belgilangan qurilmalarga oid hujjatlar qalbakilashtirilgani, buning ortidan o`nlab shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, bir qancha shaxslar hibsga olingani inkor etib bo`lmaydigan faktdir.  

Eng qiziq tomoni shundaki, bevosita press-turda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan e`tiroz bildirilayotgani yo`q.  

Aksincha, ushbu tadbirda ishtirok etmagan shaxslar tomonidan ko`r-ko`rona masala mohiyati noto`g`ri talqin qilinayotgani kishini taajjubga soladi.

Yana bir gap, sud qarori bilan buzilishi belgilangan imoratlarning birontasi odam yashayotgan xonadon emas, balki aksariyati qurib bitkizilmagan qurilmalar, bitkazilgani ham dala hovlilarni tashkil etadi.  

Ushbu qurilmalar qalbaki hujjatlar asosida 2019 yilning oxiriga kelib qurib boshlanganiga shubha-gumon bilan qaraganlar “Sil kasalliklari sihatgohi”ga tegishli erni talon-taroj qilinishiga panja orqasidan qarayotgan muassasa rahbari yoki o`zi ham o`zboshimchalik bilan uy qurib olgan mahalla raisidan so`rab yurmasdan, jinoyat ishi hamda fuqarolik ishi materiallari bilan tanishib chiqishsa, binolar qachon qurilganini aniq bilmoqchi bo`lganlar nizoli er maydoninining internet tarmog`ining “google maps” tizimi orqali aniqlashi mumkin (press-turda Oliy sud rahbariyati tomonidan ishtirokchilarga planshetda ko`rsatilgan yilma-yil ma`lumot).

Eng afsuslanarli jihati shundaki, bavtafsil so`rab-surishtirmasdan, masalani har tomonlama o`rganmasdan keng jamoatchilikka noto`g`ri va noxolis ma`lumot berilayotgani va ularda norozilik kayfiyatini yuzaga keltirilayotganidadir.  

Oliy sud tomonidan ushbu bayonotni berishdan maqsad kimlar bilandir matbuotda tortishish, bahs-munozaraga kirishish emas, balki haqiqiy holatni ko`rsatishdan iboratdir.  

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1