AsosiyJamiyat

2015 yilda 27,8 kilometr gaz tarmoqlarini kapital ta`mirlash belgilangan

Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko`rish doirasida gaz taqsimoti tizimlari rekonstruksiya qilindi. Eski gaz quvurlari to`liq almashtirildi. 

Joriy yilda 27,8 kilometr gaz tarmoqlarini kapital ta`mirlash belgilangan edi. Ayni paytda bu boradagi ishlar o`z nihoyasiga etkazilmoqda, deydi «Toshkentgazta`minot» unitar korxonasi «Toshkentshahargaz» filiali bosh muhandisi Sh.Tojiev. Er osti gaz quvurlarini ta`mirlashda polietilen quvurlar tortishning zamonaviy «quvur ichida quvur» texnologiyasidan foydalanilmoqda. Ushbu texnologiya mablag` va vaqtni tejash imkonini beradi. 

Gaz ta`minoti tizimida gaz nazorati punktlari muhim bo`g`in hisoblanadi. O`rta va yuqori bosimli 2 ming 232 gaz nazorati punkti taftish hamda profilaktika ko`rigidan o`tkazildi. Ushbu jarayonda aniqlangan nosozliklar tezkorlik bilan bartaraf etilib, eskirgan va kam quvvatli uskunalar almashtirildi. 

Aholining gaz ta`minoti bo`yicha shikoyatlari texnik kengashda ko`rib chiqilmoqda. Joriy yilda aholidan kelib tushgan arizalar va gaz uskunalarining texnik tekshiruvidan so`ng Mirobod tumanidagi Temiryo`lchilar ko`chasidan to Sarako`l ko`chasigacha bo`lgan 4,4 kilometrlik gaz quvurini almashtirish to`g`risida qaror qabul qilindi. 

Er osti gaz quvurlari xizmatining zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan va ancha chuqurlikdagi gaz quvurlarining shikastlangani hamda gaz chiqishini aniqlashga qodir mobil laboratoriyasi yordamida 1300 kilometrlik gaz tarmog`i tekshiruvdan o`tkazildi. Aniqlangan barcha nosozliklar tezkorlik bilan bartaraf etilib, 102,6 kilometrlik er osti gaz quvuri qayta tiklandi. 

    Boshqa yangiliklar