AsosiyJamiyat

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi fuqarolarni ishonchsiz ish beruvchi 5 ta tashkilotdan ogohlantirdi

'Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi fuqarolarni ishonchsiz ish beruvchi 5 ta tashkilotdan ogohlantirdi'ning rasmi

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy davlatlari mehnat bozoridagi ehtiyojlarini doimiy o`rganib boradi, deya xabar qilmoqda Agentlik Matbuot xizmati. 

Bugungi kunda, Agentlikning Rossiya Federasiyasi, Polsha, Turkiya, Latviya, BAA, Bolgariya, Qozog`iston, Kuvayt davlatlarida O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini uyushgan tartibda mehnat faoliyati bilan ta`minlash bilan shug`ullanuvchi 51 ta ish beruvchi va bandlik agentliklari bilan aniq kelishuvlar mavjud. Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan Rossiya Federasiyasi, Turkiya, Bolgariya, Latviya, Litva, BAA, Polsha, Yaponiya, Qozog`iston, Ukraina, Chexiya, Germaniya, Qatar, Ummon, AQSh davlatlaridagi 90 dan ortiq ish beruvchilar bilan ishga joylashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan 2017-2020 yillarda xorijiy ish beruvchi hamda xususiy bandlik agentliklari bilan o`zaro hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar o`rganib chiqilib, tahlil qilindi. Tahlillar natijalariga ko`ra, ba`zi hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilgan ishlar samaradorligi pastligi, faoliyati sustligi kuzatildi.

Natijada 17 ta xorijiy tashkilot bilan hamkorlik kelishuvlari bekor qilindi. Shu bilan birga, qonunbuzilish holatlariga yo`l qo`ygan hamda mehnat migrantlari huquqlarini buzgan 5 ta tashkilot – «TRIADA STROY», «ALMAZINVESTSTROY», «ASP Group», «Jarkovskaya V.A.» va «KADROVOE AGENTSTVO» KONTINENT» mas`uliyati cheklangan jamiyatlari Ishonchsiz ish beruvchilar ro`yxatiga kiritildi.

Fuqarolar mazkur ish beruvchilar ustidan asosan, ish haqini to`lamaslik, majburiyatlarni bajarmaslik, mehnat huquqlarining buzilishi kabi holatlar yuzasidan shikoyat qilgan.

Shuni alohida ta`kidlash kerakki, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tartibli, xavfsiz va qonuniylik prinsiplari asosida fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish borasidagi ishlarini davom ettiradi.

    Boshqa yangiliklar