Bu yil haj safariga borish uchun navbatga yozilganlarning navbati saqlanadimi?

Jamiyat 07.07.2020, 15:00
Bu yil haj safariga borish uchun navbatga yozilganlarning navbati saqlanadimi?

Koronavirus pandemiyasining musulmon dunyosi uchun muborak sanalgan haj va umra safarlariga ta`siri yuzasidan O`zA muxbiri Nazokat Usmonova O`zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o`rinbosari Homidjon Ishmatbekov bilan suhbatlashdi.

– Saudiya Arabistoni Haj va Umra ishlari vazirligi, bu yilgi Haj mavsumini faqat Saudiya Arabistoni ichida bo`lib turgan fuqarolardan iborat ziyoratchilar uchun cheklangan miqdorda tashkil etish haqida qaror qabul qildi. Shu haqda so`z yuritsangiz?

– Ma`lumki, haj amali Islom arkonlaridan biri bo`lib, u ma`lum shartlarga ega bo`lgan mo`min-musulmon kishi uchun umrida bir marta ado etishi farz bo`lgan ibodat. Qur`oni karimda hajning farzligiga quyidagi oyat dalolat qiladi: “Yo`lga qodir bo`lgan kishi zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron, 97).

Haj ibodati farz bo`lishining shartlari: musulmon bo`lish, balog`at yoshida bo`lish, oqil bo`lish, tani sog` bo`lish, borib kelguncha yo`l xarajatlari va oila ahlining ehtiyojlariga etadigan nafaqa bilan ta`minlagan bo`lishi kerak. Shuningdek, yo`lning ochiq, xavf-xatarsizligi ham hajning farz bo`lish shartlaridandir. Agar mazkur shartlardan birortasi topilmasa, u holda haj ibodatini ado etish insonning zimmasidan soqit bo`ladi.

Islom shariati insonni ortiqcha mashaqqat, xavf-xatar, o`zi va o`zgalarni zarar etkazishga buyurmaydi. Xususan, haj ibodati borasida ham yuqorida sanab o`tilgan imkoniyatlarga ega bo`lmagan bandaning zimmasidan ushbu ibodat soqit bo`ladi.

Qayd etish kerakki, 2020 yilda dunyoning barcha davlatlarida koronavirus kasalligi keng tarqaldi. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, mazkur xastalik dunyoning 215 dan ortiq mamlakatida aniqlangan. Mazkur ofat ko`plab islom va arab davlatlari, xususan, haj amallari ado etiladigan Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlarida ham tarqalgan.

Mavjud ma`lumotlarga ko`ra, hozirgi vaqtda Saudiya Arabistonida keskin epidemiologik vaziyat saqlanib qolmoqda. Har kuni o`rtacha 4000 ga yaqin virus bilan kasallanish, 35-40 ta o`lim holati kuzatilmoqda.

Saudiya Arabistoni qiroli – Ikki Muqaddas Haram xizmatchisi qirol Salmon bin Abdulaziz ana shunday inson salomatligi uchun murakkab vaziyatni inobatga olib, «Haj – 2020» mavsumi uchun chet eldan ziyoratchilarni qabul qilmaslik haqidagi taklifni qo`llab-quvvatladi hamda joriy yilning 22 iyun kuni mamlakat ichida bo`lib turgan cheklangan miqdordagi ziyoratchilar uchun ichki haj mavsumini tashkil etish bo`yicha barcha tegishli choralarni ko`rish to`g`risida qaror qabul qildi.

– Saudiya Arabistoni hukumatining mazkur qaroriga qanday munosabatlar bildirildi?

– Saudiya hukumatining ushbu qarori Saudiya ulamolari Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Islom olami uyushmasi, Misrdagi Al-Azhar majmuasi hamda “Dorul ifto” fatvo hay`ati va boshqa ko`plab ilmiy markazlar tomonidan ma`qullandi.

Aslida ushbu qaror e`lon qilinishidan biroz avval ham haj sohasida yirik kvotaga ega bo`lgan Indoneziya (230 ming kvota ajratilgan), Nigeriya (180 ming kvota), Hindiston (150 ming kvota) hamda Evropa va Janubiy-Sharqiy Osiyoning ba`zi davlatlari o`z ziyoratchilarining hayoti va sog`lig`ini himoya qilish maqsadida «Haj – 2020» mavsumini tashkil qilmaslik haqida qaror qabul qilgan edi.

Shuningdek, Malayziya va Singapur kabi davlatlar esa bekor qilish to`g`risidagi o`z qarorlarini fuqarolari sog`lig`i uchun mas`ul ekani, bugungi murakkab sharoitda ularni sog`lig`ini saqlash mushkul ekani, hajga boradiganlarning 80 foizi keksalar ekani, ular kasallikka chalinish ehtimoli yuqori bo`lgani bilan izohlangan edi.

Misr davlatidagi “Dorul ifto” fatvo hay`ati Saudiya hukumatining bu yilgi hajni cheklangan miqdordagi ziyoratchilar bilan amalga oshirilishi borasidagi qarorini shariatning hojilar hayotini muhofaza qilish borasidagi maqsad va hukmlariga to`la mos ekanini e`lon qildi.

Misr fatvo uyushmasi ta`kidlashicha, Saudiya Arabistonining koronavirus keng tarqalishining oldini olish maqsadida bu yil – hijriy 1441 yilgi haj ibodatini mamlakat ichkarisidagi fuqarolarga cheklangan miqdorda amalga oshirilishi borasidagi qarori Islom shariatining hojilar hayotini muhofaza qilish borasidagi maqsad va ahkomlariga to`la muvofiq ekanligini ta`kidladi.

Fatvo hay`atining ta`kidlashicha, hukumatning bunday qarori hozirgi kunda butun dunyo boshidan kechirayotgan koronavirus pandemiyasining tarqalishi e`tiboridan o`ta zarur holda chiqarilgandir.

Bu to`g`rida Butunjahon ulamolar ittifoqining fatvosi ham bir muddat avvalroq e`lon qilingan edi. Ittifoq bosh kotibi shayx Ali Qoradog`iy e`lon qilgan fatvoda: “Agar vabo tarqashi aniq yo shunga yaqin bo`lsa va soha mutaxassislari tiqilinch tufayli hojilar yoki ularning ba`zilariga vabo yuqadi, deyishadigan bo`lsa, bu holda haj yoki umrani, muammo hal bo`lgunicha muvaqqat man etish joizdir”, deyilgan.

Agar hoji hajga borayotgan joyida turli yuqumli kasalliklar tarqalgani yoki shunga o`xshash hodisalar yuzaga kelishi aniq bo`lib qolsa, bu vaqtda: “Zararni bartaraf etish manfaatni jalb qilishdan muqaddamdir” – degan fiqhiy qoidaga qat`iy amal qilishi lozim. Chunki hajda ko`pchilik hojilar manfaati ozchilik kishilarning manfaatidan ustun turadi.

Islom ta`limoti ko`pchilikka zarar etishi mumkin bo`lgan sharoitlarda yuqumli kasalligi bor kishilarning sog` odamlarga aralashuvini va o`z navbatida sog`-salomat kishilarning bilvosita yoki bevosita yuqumli xastaligi mavjud kishilarga aralashuvini qat`iy cheklaydi.

– Haj qisman bekor qilingan holatlar avval ham bo`lganmi?

– O`z navbatida aytish kerakki, tarixda mo`min-musulmonlar uchun haj qilish turli sabablarga ko`ra, xususan, yuqumli kasalliklar tufayli qisman yoki butunlay to`xtatilgan davrlar bo`lgan. Ibn Kasirning “Al-Bidaya val-Nihaya” kitobida aytilishicha, milodiy 968 yilda Makka shahrida kasallik tarqalib, ko`plab ziyoratchilar hayotiga zomin bo`lgani sababli haj ibodati to`xtatilgan.

Milodiy 1831 yilda Makka va Madina shaharlarida vabo tarqalib, juda ham ko`p hojilar halok bo`lishiga sabab bo`lgan. O`sha yili mo`min-musulmonlar hajni to`xtatib turishga majbur bo`lishgan. Oradan biroz vaqt o`tib, 1837 yilda ikkinchi marta vabo qaytarilgandan keyin 3 yilga haj bekor bo`lgan. Yana bir necha yildan so`ng Makka shahrini vabo egallab olgandan keyin 1846-1850 yillarda 4 yil davomida haj qilish to`xtatib turilgan.

– Bu yil haj safariga borish uchun navbatga yozilganlarning navbati saqlanadimi?

– Saudiya Arabistonidagi epidemik vaziyatning o`ta murakkabligi nuqtai nazaridan xorij mamlakatlari fuqarolari, xususan, yurtimiz aholisi Islom dini manbalariga tayangan holda milodiy 2020 yil, hijriy 1441 sanadagi haj safarini chet elliklar uchun to`xtatilishi haqidagi qarorni to`g`ri qabul qildilar.

2020 yil 23 iyun kuni Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha jamoatchilik kengashining yig`ilishi qaroriga asosan joriy yilgi haj safariga borishni rejalashtirgan fuqarolarimizning navbati to`liq saqlangan holda keyingi yilga o`tkazildi.

Alloh taolo yurtimiz va butun dunyodan koronavirus kasalligini ko`tarsin, mo`min-musulmonlarni muborak zaminga emin-ekrinlikda borishlari va haj ibodatini xotirjamlikda ado etishlarini nasib qilsin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1