AsosiyJamiyat

O`zbekiston maktablarida 4 ta fan qisqartirilib, yangi bitta fan joriy etiladi

'O`zbekiston maktablarida 4 ta fan qisqartirilib, yangi bitta fan joriy etiladi'ning rasmi

“Umumiy o`rta ta`lim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida” Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda huquqiy axborot kanali ma`lum qildi.  

Qarorga muvofiq, umumiy o`rta ta`lim muassasalarida “Odobnoma”, “Vatan tuyg`usi”, “Milliy istiqlol g`oyasi va ma`naviyat asoslari” hamda “Dunyo dinlari tarixi” fanlarini birlashtirgan holda “Tarbiya” fani  1–9-sinflarda – 2020/2021 o`quv yilidan, 10–11-sinflarda esa 2021/2022 o`quv yilidan boshlab fanlarga ajratilgan umumiy soatlar doirasida bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.  

“Tarbiya” fanidan darsliklar va o`quv-metodik majmualar yangi o`quv yili boshlangunga qadar chop etilib, joylarga etkaziladi.  

 2020 yil iyul oyidan boshlab yangi o`quv yili boshlangunga qadar umumta`lim maktablaridagi “Boshlang`ich ta`lim”, “Milliy g`oya va huquq”, “Tarix” va “Dinshunoslik” mutaxassisligiga ega fan o`qituvchilari uchun xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida “Tarbiya” fanidan onlayn shaklda maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

“Tarbiya” fanidan darsliklar va o`quv majmualarini xarid qilish va etkazib berish xarajatlari respublika byudjeti va xalq ta`limi vazirligi huzuridagi Respublika maqsadli kitob jamg`armasi mablag`lari hisobidan qoplanadi.  

Qaror bilan umumiy o`rta ta`lim muassasalari o`quvchilari uchun “Tarbiya” fani konsepsiyasi tasdiqlandi.

    Boshqa yangiliklar