1

Koronavirusga qayta chalinish ehtimoli mavjudmi? Antitanachalar tahlili nimadan dalolat beradi?

Jamiyat 09.07.2020, 22:21
Koronavirusga qayta chalinish ehtimoli mavjudmi? Antitanachalar tahlili nimadan dalolat beradi?

Sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi bosh inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga qayta chalinish ehtimoli borasidagi savolga aniqlik kiritdi. Bu haqda u Respublika maxsus komissiyasining karantin choralarini kuchaytirish borasidagi qarori yuzasidan o`tkazilgan brifingda ma`lum qilgan.

Mutaxassis tomonidan virusli kasalliklar, ayniqsa, respirator kasalliklar bilan og`rigan odamlarda hosil bo`lgan immun tizimi orttirilgan immunitet hisobiga ushbu kasallik bilan qayta kasallanishga yo`l qo`ymasligi qayd etildi. Biroq odamda respirator klinik belgilarni chaqirishi mumkin bo`lgan juda ko`p viruslar borligi ham qo`shimcha qilindi.

«Koronavirusning yana 6 ta varianti mavjud. Yana o`sha kasallik bilan qayta kasallandi, degan fikr, mening nazarimda to`g`ri emas. Bu erda odam o`sha kasallikning o`zgargan yoki qo`shimcha xislatlarini o`zida namoyon qilgan mutasiyaga uchragan shtammlari bilan kasallanishi mumkin», — deydi Otabekov.

Shu bilan birga, odamda birlamchi kasallanishdan hosil bo`lgan immunitet tizimi juda sayoz bo`lsa ham ikkinchi marta namoyon bo`lgan kasallik belgilari birmuncha engil kechishi organizm xotirasida antitanachalar ishlab chiqarilishi bilan bog`liqligi qayd etildi. Bunda bemorda kasallikdan tezda xalos bo`lish imkoniyati paydo bo`ladi.

Antitanachalar borasida Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi, professor Habibulla Oqilov ham o`z fikrlarini bayon qilgan.

Jumladan, Oqilov koronavirusga hosil bo`lgan antitanachalarni aniqlash metodikalari O`zbekistonga endi olib kelinayotganini bildirgan. IFA yoki undan ham yangi IXLA tahlillari kasallik o`tib bo`lganidan keyin organizmda hosil bo`lgan antitanachalarni aniqlashi aytildi. Bu orqali koronavirusni yuqtirib, immuniteti kuchli bo`lgani sababli kasallikni o`zi bilmagan holda simptomsiz o`tkazgan odamlar aniqlanadi.

«IFA uslubida 3 xil antitanachani aniqlash mumkin. Ulardan Immunoglobulin G kasallik o`tib bo`lgan odamlarda chiqadi. Odatda ushbu antitana kasallikdan keyin 10 kun o`tib paydo bo`ladi. Immunoglobulin M kasallikning aynan faol rivojlangan davrida paydo bo`ladi. Shuning uchun biz IXLA tahlilini oldik, uning ichida ikkisi ham bor. Bunday tuzalgan odamlarning soni qancha ko`p bo`lsa, respublika bo`yicha guruh immuniteti ko`rsatkichlari baland bo`ladi. Ular behavotir yursa ham bo`ladi, eng kamida 2-3 oy hech nima yuqmaydi», — deydi mutaxassis.

IFA tahlili yaqin vaqt ichida yo`lga qo`yilishi xabar qilindi. Maxsus komissiya qarorida davlat tibbiyot muassasalaridan tashqari xususiy muassasalarga ham PZR va IFA tahlillarini o`tkazish uchun ruxsat berilgan.
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1