1

Xalqaro iste`molchi huquqi tiklandi

Jamiyat 10.07.2020, 12:24
Xalqaro iste`molchi huquqi tiklandi

O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi va Koreya iste`molchilar agentligi o`rtasida 2018 yilda memorandum imzolanib, ushbu memorandumga ko`ra Koreya Respublikasi fuqarolarining O`zbekistondagi, mamlakatimiz fuqarolarining esa Koreya Respublikasidagi iste`molchilik huquq va manfaatlarini himoya qilinishida o`zaro hamkorlik olib borilishi ko`zda tutilgandi. Bu haqda Federasiya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Farg`ona shahar jamiyati tomonidan iste`molchi, Koreya Respublikasi fuqarosi janob Choy Kil Xoning manfaatlarini ko`zlab, unga Farg`ona shahrida “EVRO DIAMOND” savdo belgisi ostida faoliyat ko`rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor R.Seyfullaev tomonidan ko`rsatilgan xizmatlar natijasida etkazilgan moddiy zararni undirish haqidagi Fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudiga kiritilgan da`vo arizasi ko`rib chiqildi.

Fuqaroning murojaatini Farg`ona shahar jamiyati tomonidan o`rganib chiqilishi natijalari va sud materiallaridan ma`lum bo`lishicha, iste`molchi o`z vakili (haydovchisi) orqali 2019 yilning iyun oyida yuqoridagi tadbirkorga qarashli bo`lgan kimyoviy tozalash korxonasiga 10 (o`n) turdagi kiyimlarini tozalatish uchun bergan. Kiyimlar kuzgi-qishki mavsumga mo`ljallanganligi sababli kimyoviy tozalashdan o`tkazilib, xonadonga keltirilgach ulardan ma`lum vaqt foydalanilmagan. Keyinchalik esa ular ko`zdan kechirilganda kiyimlarga jiddiy ziyon etkazilganligi, ular asl holiga nisbatan rangi va yorqinligini yo`qotganligi, hajmlari kichrayganligi, foydalanib bo`lmaydigan holatga kelganligi kuzatilgan. Iste`molchining xizmat ko`rsatuvchi korxona bilan yuzaga kelgan masalani hal qilish borasidagi harakatlari ijobiy natija bermagach, u Federasiyaning Farg`ona shahar jamiyatiga murojaat qilgan.

Ishni sudda ko`rib chiqilishi davomida xizmat ko`rsatuvchi iste`molchi vakili kiyimlarni qabul qilib olish va olib ketish vaqtida ko`rsatilgan xizmat sifati yuzasidan hech qanday e`tirozlar bildirmaganligi, kiyimlar kimyoviy tozalash korxonasidan olib ketilgach, oradan biroz vaqt o`tganligini, bu orada esa muayyan harakatlar amalga oshirilib, kiyimlarga o`zga shaxslar tomonidan zarar etkazilgan bo`lishi mumkinligi, u sudgacha bo`lgan oraliqda iste`molchi bilan yuzaga kelgan holat yuzasidan kelishib olish borasida harakatlar olib borganligi kabi vajlarni keltirgan bo`lsada, sud uning iste`molchi vakili tomonidan xizmatlar sifatiga e`tirozlar bildirilmaganligi, unga o`zga shaxslar tomonidan keyinchalik zarar etkazilgan ham bo`lishi borasidagi vajlari bilan kelishmasligini, sababi nizo predmeti hisoblangan kiyimlarda hozirgi kunga qadar kimyoviy tozalash korxonasining xos belgilari (birkalari) saqlanib turganligini ko`rsatib o`tdi. Bu holat esa kiyimlar kimyoviy tozlash korxonasidan keltirilgandan buyon undan hech kim foydalanmaganligini ko`rsatadi. Shuning bilan birgalikda, javobgarga iste`molchi kiyimlarni kimyoviy tozalashga yuborishdan oldin va keyinchalik ham fotosuratga olganligi bo`yicha fotohujjatlar taqdim qilindi.

"Sud ishni ko`rib chiqilishi natijalariga ko`ra, O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Farg`ona shahar jamiyatining Koreya Respublikasi fuqarosi Choy Kil Xoning manfaatlarini ko`zlab, yakka tartibdagi tadbirkor R.Seyfullaevga nisbatan etkazilgan moddiy zararni undirish haqidagi talabi qanoatlantirilib, javobgardan manfaatdor shaxs foydasiga 12 000 000 (o`n ikki million) so`m undirilishi bo`yicha qaror chiqardi" deyladi xabarda. 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1