1

Adliya vazirligi: 1 iyuldan bir qator yangi tartiblar amal qilishni boshladi

Jamiyat 10.07.2020, 13:51
Adliya vazirligi: 1 iyuldan bir qator yangi tartiblar amal qilishni boshladi

Bugun Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Adliya vaziri o`rinbosari Bahrom Qo`chqorov ishtirokida o`tkazilgan brifingda «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida» 2020 yil 19 maydagi Prezident farmoni ijrosi yuzasidan ma`lumot berildi.

Farmon asosida 2020 yil 1 iyuldan boshlab bir qator yangi tartiblar amal qilishni boshladi.

Birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun huquqiy javobgarlikni belgilovchi normalar faqatgina qonunlar bilan o`rnatiladi. Bundan tashqari, amaldagi qonun osti hujjatlarining huquqiy javobgarlik va sanksiya belgilovchi normalarining amalda qo`llash zarurati o`rganilgan holda, ular bekor qilinadi yoki tegishli qonunlarga o`tkaziladi.

Ikkinchidan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun qo`shimcha to`lov va yig`imlarni belgilovchi, ortiqcha ma`muriy va boshqa cheklovlarni nazarda tutuvchi, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keluvchi, ruxsat berish xususiyatiga ega bo`lgan huquqiy normalarni idoraviy hujjatlarga kiritish taqiqlandi.

Uchinchidan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda konseptual jihatdan yangi mexanizmlarni yaratishning “paket” prinsipi joriy qilindi. Ushbu prinsipning joriy etilishi natijasida ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda “huquqiy bo`shliq”lar yuzaga kelishi kabi muammolar bartaraf etiladi.

To`rtinchidan, Farmonga asosan qonunchilikni tizimlashtirish va ortiqcha huquqiy tartibga solishni kamaytirish maqsadida 2021 yil 1 yanvargacha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish to`xtatildi. Bugungi kunda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reestrida 3 ming 973 ta hujjat mavjud bo`lib, yiliga o`rtacha 600 ta idoraviy hujjat qabul qilinmoqda. Huquq amaliyoti ushbu yo`nalishdagi ijtimoiy munosabatlarni to`g`ridan-to`g`ri va ta`sirchan qonunchilik yo`li bilan tartibga solish amaliyotiga o`tishga qaratilgan. Bu esa, huquqiy ziddiyatlar, kolliziyalar, huquqiy normalarni turlicha talqin qilish kabi holatlarga barham beradi.

Beshinchidan, Farmon bilan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro`yxatidan o`tkazish sinov tariqasida yagona elektron tizimi orqali amalga oshirish boshlandi. Joriy yil 1 oktyabrdan esa bu tizim to`liq ishlay boshlaydi. Adliya vazirligi tomonidan Farmon ijrosini ta`minlash maqsadida 2020 yil 1 iyul kuni qonun ijodkorligi jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etishning yangi bosqichiga qadam qo`yildi. Ya`ni, yagona elektron tizim orqali O`zbekiston tarixida birinchi marta qonun hujjati elektron shaklda qabul qilindi va Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Ayni paytda idoraviy hujjatlarni qabul qilish va davlat ro`yxatidan o`tkazishning elektron tizim orqali amalga oshirilishi natijasida davlat organlari tomonidan ortiqcha sarf-harajat, haddan ziyod vaqt va mehnat resurslari sarflanishining oldini olishga erishiladi.

Oltinchidan, joriy yil 1 iyuldan boshlab, texnik jihatdan tartibga solish to`g`risidagi normativ hujjatlar, ya`ni texnik reglamentlar, standartlashtirish bo`yicha normativ hujjatlar, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya, shaharsozlik normalari va qoidalari kabi hujjatlar Adliya vazirligida majburiy huquqiy ekspertizadan o`tkazilishi boshlandi. Shuningdek, hozirgi kunda amalda bo`lgan texnik jihatdan tartibga solish to`g`risidagi normativ hujjatlar esa joriy yil yakuniga qadar Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasiga to`liq joylashtiriladi.

Bu, o`z navbatida, jismoniy va yuridik shaxslar uchun respublikada mavjud barcha texnik normativ hujjatlar bilan tanishish imoniyatini beradi.

Farmon bilan Adliya vazirligiga quyidagi qo`shimcha yangi vazifalar yuklatildi:

birinchidan, jamiyatda qonun ustuvorligini ta`minlash va qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga so`zsiz rioya etilishini ta`minlashga qaratilgan izchil huquqiy siyosatni yanada takomillashtirish;

ikkinchidan, barcha sohalarda qonunchilikni tizimlashtirish va kodifikasiyalash ishlarini samarali yo`lga qo`yish, qabul qilinganiga ko`p vaqt bo`lgan qonun hujjatlarini qayta ko`rib chiqish va ularni bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarga uyg`unlashtirish;

uchinchidan, fuqarolarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni tahlil qilib borish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari takomillashtirilishini ta`minlash;

to`rtinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan samarali fuqarolik-huquqiy mexanizmlarni joriy qilish va rivojlantirish;

beshinchidan, qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmuni va ahamiyatini aholi, tadbirkorlik sub`ektlari hamda xorijiy investorlarga etkazish ko`lamini kengaytirish, bu borada tarmoq vazirlik va idoralar faoliyati samaradorligini oshirish;

oltinchidan, ma`muriy tartib-taomillar sohasini ilg`or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida muntazam ravishda takomillashtirib borish;

ettinchidan, davlat boshqaruvi tizimining tartibga solish ta`sirini baholash bo`yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

sakkizinchidan, xalqaro reyting va indekslarda O`zbekiston Respublikasi o`rnining yaxshilanishiga to`sqinlik qilayotgan huquqiy omillar yuzasidan fundamental huquqiy tadqiqotlar o`tkazish;

to`qqizinchidan, adliya organlari va muassasalari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali “virtual adliya” tizimini ishga tushirish. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1