1

Samarqandlik koronavirusga chalingan shifokor bo`lgan voqealarni ochiq aytdi

Jamiyat 10.07.2020, 21:06
Samarqandlik koronavirusga chalingan shifokor bo`lgan voqealarni ochiq aytdi

Shifokor bilan Zarnews.uz  muxbiri Gulruh MO`MINOVA suhbatlashdi.

— Bilmadim, bu gaplarni ommaviy axborot vositalariga olib chiqasizmi, yo`qmi? Ammo xastaligim bilan bog`liq voqealar butun respublikaga shunchalik katta shov-shuv bo`lib ketdiki, go`yo Oqdaryoga virusni men birinchi bo`lib olib kirganman va yuzlab odamlarning karantinga olinishiga sabab bo`lgan ekanman. Bu masalada mening e`tirozlarim bor.

— Nega?

— Allergik bronxit xastaligim borligini ko`pchilik yaqinlarim yaxshi biladi. Ayni bahor oylari u qo`zib, bezovta qiladi, zarur dorilarimni ichib yuraman. O`sha kunlari salqinroq xonada oz muddat mizg`ib qolibman. Shuning uchun varaja qilayotganimni sezdim. Kechga tomon haroratim ko`tarildi. Antibiotik ukol oldim. Kelasi kuni ishga kelishdan avval tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik bo`limiga borib, test topshirdim. Javobini kutdim, lekin muolajamni davom ettirdim. Rostdan ahvolim yomonlasha boshladi. Telefon qilib, tuman SEO bo`limidagilardan natijani so`radim. «Sizda virus yo`q», deyishdi. Keyin ishga keldim, muolajamni davom ettirdim. Haroratim borligini bosh shifokorga, bosh infeksionistga ma`lum qilganimda, ular darhol meni koronavirusga gumon qilib, viloyatga xabar qilishdi. Shu tariqa mendan tahlil natijalari qayta olinmay, hali aniq bo`lmay, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelishdi.

— Bejizga emasdir, axir haroratingiz tushmaganku, ular o`z vazifasini bajargan emasmi?

— Ehtimol, shundaydir. Mayli, men bundan norozi emasman. Ammo shifoxonada paytim hali ahvolim og`ir, haroratim bo`la turib, oradan o`n kun ham o`tmay, sizda koronavirus manfiy chiqdi, bo`ldi, reabilitasiyaga kuzatilasiz, deyishdi. Xo`sh, bu gapni qanday tushunishim kerak? Vaholanki, o`sha payt ahvolim juda og`ir, nafas olishim qiyin edi. Agar rostdan ham koronavirusga chalingan bo`lsam, kasallik belgilari avj pallasida qanday qilib virus menda manfiy chiqishi mumkin? Buni vrach bo`lmagan odam ham yaxshi tushunadi, deb o`ylayman. Xullas, oradan ko`p o`tmay, reabilitasiyada ham ikki-uch kundan so`ng menga javob berib yuborishdi. Men shifokor sifatida aniq bilamanki, pnevmoniyani boshimdan o`tkazdim. Ammo kasallik alomatlari aniq oshkor bo`lib turgan payti, ahvolim og`ir bo`lgan holatda menga javob berib yuborganlariga hanuzgacha tushunmayapman. Qolaversa, hozirga qadar koronavirusga chalinganim haqidagi ma`lumotnoma qo`limga berilgani yo`q.

— O`sha payti odamlarning munosabati haqida nima deya olasiz?

— Nima derdim? Tabiiyki, shifokor bo`lganim, tumandagi minglab odamlarni davolaganim uchun juda ko`pchilik meni taniydi. Davolanib chiqqanimdan so`ng ishga kelgach, odamlar atrofimni aylanib o`tadigan bo`lishdi. Ko`chada ko`rib qolsa, xuddi arvohni ko`rganday yo`lini burib ketishdi. Qarindoshlarim, karantinga olingan yaqinlarimdan turli-tuman gaplar eshitdim. Bularning barchasi insonga ta`sir o`tkazmay qolarmidi?! Ularni aytib o`tirmoqchi emasman. Ammo u yoki bu ma`lumotni tarqatishda inson sha`ni, qadri haqida o`ylab ko`rish kerak edi, deb o`ylayman.

To`g`ri, ichki ishlar idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilganida qaerlarga borganimni aytdim. Ammo bu gaplarning hammasi oshkor bo`lib ketdi. Odamlar o`sha payti virus avj olgan “Toyloq, Payariq tumaniga borgan ekan, o`zi shifokor bo`lib, qoidalarga amal qilmagan ekan”, kabi fikrlarni bildirishdi. Vaholanki, men bu tumanlarga borganim yo`q. Ishdan ortib, qo`shimcha tadbirlarda yurishga qanday vaqtim bo`lsin axir?

— Xullas, siz tufayli yuzlab odamlar karantinga olindi, shundaymi?

— Ha, yuzlab odamlar karantinga olindi. Mayli, bu boradagi ba`zi holatlarni aytib o`tirmayman. Ammo akamning kelinida virus chiqdi, deya yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borib, shifoxonaga borgach, “sizda kasallik yo`q”, deb qaytarib yuborishyapti. Shu kabi sarsongarchiliklar ham bo`ldi. Shuning uchun ham odamlarning menga munosabatida bo`lgan e`tirozlarni tushunaman. Bularni engib o`tish mumkin. Vaqt hammasini davolaydi.

Lekin meni shifokor sifatida bu kasallik atrofida bo`layotgan voqealar qiynayapti. To`g`ri, ushbu virusni hech kim kutmagan, to`satdan odamlar boshiga tushgan bir balo bu. Bu payti o`z dardingni aytib, noshukurlik qilishni o`zimga ep bilmayman. Ammo ishni to`g`ri va tizimli tashkil qilish uchun bu masalada ham jamoatchilik nazorati kerak deb o`ylayman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1