1

“Mahalla raisi kim nima bilan mashg`ul - hammasini bilishi lozim”

Jamiyat 11.07.2020, 12:34
“Mahalla raisi kim nima bilan mashg`ul - hammasini bilishi lozim”

Xalqimizda “Kasallikni davolagandan ko`ra uning oldini olgan afzal” degan purhikmat naql bor. Albatta bo`lg`usi huquqbuzar jinoyatchiga uning muayyan xatti-harakati g`ayriijtimoiy xulq-atvor yoxud huquqbuzarlik ekanligi, uning oqibatlari tushuntirilsa, sodir etilishi mumkin bo`lgan ko`ngilsizlikning barvaqt oldi olingan bo`ladi. Profilaktika nafaqat huquqbuzarliklarning oldini olishda, balki o`z navbatida, shaxsni jamiyat uchun foydali kishi etib shakllantirishda, ayniqsa yoshlarni yuksak ma`naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, har tomonlama sog`lom va barkamol avlod sifatida voyaga etkazishda ham g`oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Zero xalqimizning “Daraxtdan meva olaman desang, niholligidan parvarish qil”, “Egri butoqni niholida tobini ol” degan hikmatli so`zlari bejiz aytilmagan.      

 Odamzod bir-biridan ma`naviy ozuqa olib, o`zining ongi, tafakkuri, ma`naviy olami bilan bir-biriga ta`sir etib yashaydi. Er yuzida odamlar azaldan jamoa bo`lib yashagan. Ayniqsa, sharqda aholini bir-biriga yaqinlashtiruvchi, o`zaro muloqotda bo`lib yashashga chorlovchi maskan-mahalladir. Inson ma`naviyatini boyituvchi, tarbiya beruvchi maskan sifatida mahallaning o`rni alohida. Inson mahallada dunyoga keladi, ta`lim oladi, mehnat qiladi, oila quradi, farzand ko`radi, tarbiyalaydi, to`y maraka qiladi.

Inson onasidan huquqbuzar bo`lib tug`ilmaydi, balki uning tarbiyasiga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi omillar huquqbuzarlikka etaklaydi. Shunday ekan mahallada har bir xonadondagi muxit o`rganilishi maqsadga muvofiqdir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri “Gulshan” mahallasiga qilgan tashrifida "Mahalla jamiyatimizdagi adolat tamoyillarining ko`zgusiga aylanishi kerak. Bu er odamlar kelib fikrini, taklifini, dardini aytadigan, muammosiga echim topadigan joy bo`lishi kerak. Mahalla raisi va profilaktika inspektori hududdagi har bir oilaning ahvolidan xabardor bo`lishi, kim nima bilan mashg`ul – hammasini bilishi lozim. Ushbu tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko`zlangan asosiy maqsad mahallani kechayu kunduz odamlarning ahvolidan boxabar bo`ladigan maskanga aylantirishdir", deb ta`kidlagan edilar.

Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda mahallaning o`rni beqiyos. Mahalla fuqarolari yig`ini raislari, tashkil etilgan komissiyalar bilan birgalikda oilaviy-maishiy sabablarga ko`ra sodir etilgan huquqbuzarliklar, shu jumladan ayollar, voyaga etmaganlar va yoshlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar muhokamasini tashkil etish va o`tkazish, mazkur huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va ularga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko`rishmoqda.

Xususan, ichki ishlar organlari bilan mahalla faollari hamkorligida “Maishiy zo`ravonlik qurboniga aylanma” shiori ostida o`tkazilgan targ`ibot tadbirlari va xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini, ijtimoiy-siyosiy faolligini, jamiyatda tutgan o`rnini oshirishga qaratilgan chora tadbirlar natijasida joriy yilning 5 oyida respublikamizda 1451 nafar tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderlari berildi, profilaktik hisobda turgan 2028 nafar xotin-qizlar ishga joylashtirildi, 3742 nafariga moddiy hamda ijtimoiy ko`mak berildi, 532 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yishda ko`maklashildi, 423 nafar voyaga etmagan qizlar, 1881 nafar yosh xotin-qizlar (18-30 yosh), 515 nafar ilgari sudlangan ayollar ichki ishlar organlari profilaktik hisobidan chiqarildi. Hamkorlikda amalga oshirilgan tadbirlar natijasida xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 0.4 foizga kamayishiga erishildi.

Haftaning har payshanba kuni "Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni" etib belgilanganligi mahallalarda profilaktik ishlarni tashkillashtirishda qo`l kelmoqda.Huquqbuzarliklar profilaktikasi kunidamahalla fuqarolari yig`ini faollari profilaktika inspektorlari bilan birgalikda huquqbuzarlikdan jabrlanuvchilarga, g`ayriijtimoiy xulq-atvorli, huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo`lgan, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam ko`rsatish bilan birgalikda, ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Shuningdek, mahalla tomonidanhuquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazorati tashkillashtirilib, tegishli hududda jamoat tartibini ta`minlashda, shu jumladan fuqarolarning kelishi va ketishi hisobga olinishini tashkil etishda, voyaga etmaganlar hamda yoshlar o`rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda ularning huquqlarini himoya qilish bo`yicha ishlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko`maklashmoqda.

Shuni mamnuniyat bilan aytish mumkinki, respublikamizda uch-to`rt yildan beri hech qanday huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etilmagan mahallalar ham borki, bu mahalla ahli tinch-totuv, ahil-inoq yashashidan, shuningdek, hududda mahalla faollari bilan profilaktika inspektorlari nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, oqsoqollar, kayvonilar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotganidan dalolat beradi. Bir so`z bilan aytganda, bugun mahalla xalqni tarbiyalaydigan, odamlar qalbida ezgu g`oyalarni shakllantiradigan maskan sifatida gullab-yashnab, ma`naviyatimizga tahdid solayotgan buzg`unchi g`oyalarga qarshi kurashda o`zining ezgu amallari bilan xizmat qilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti Huquqbuzarliklar profilaktikasi kafedrasi katta o`qituvchisi ,

podpolkovnik  O`tkir Gulmatov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1