Sartaroshxonalar yana yopiladi, dam olish kunlari stikersiz avtomobillar harakati butunlay to`xtatiladi

Jamiyat 11.07.2020, 14:45
Sartaroshxonalar yana yopiladi, dam olish kunlari stikersiz avtomobillar harakati butunlay to`xtatiladi

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O`zbekistonda navbatdagi karantin cheklovlari joriy etildi. 

Aholi o`rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalish zanjirini uzish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 2020 yil 13 iyuldan 2020 yil 1 avgustga qadar respublika miqyosida qo`shimcha ravishda quyidagi karantin cheklovlari kiritildi: 

  • sartaroshxona va go`zallik salonlari faoliyati to`xtatiladi;
  • mahalliy (ichki) aviaqatnovlar va temir yo`l qatnovi to`xtatiladi;
  • 65 yoshdan oshgan shaxslarga «o`zini o`zi yakkalash» hayot tarziga qat`iy rioya etish hamda sababsiz uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya etildi.

Shuningdek, joriy yil 18-19 iyul hamda 25-26 iyul (shanba va yakshanba) kunlari butun sutka davomida respublika miqyosida harakatlanish, avtotransport vositalarining, shu jumladan, yo`nalishsiz taksilarning harakati to`liq to`xtatiladi. 

Mazkur cheklov maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanadigan avtotransport vositalariga hamda Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 8 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

18-19 iyul hamda 25-26 iyul (shanba va yakshanba) kunlari quyidagilar tavsiya etiladi: 

  • aholiga – «o`zini o`zi yakkalash» hayot tarziga qat`iy rioya etgan holda o`z uylarida qolish;
  • davlat organlari va muassasalari, xo`jalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga – xodimlarni ishga jalb etmaslik, xodimlarning ushbu kunlarda uyda qolishi uchun sharoit yaratish.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1