1

SSV «vaqtida murojaat qilmay, uyida davolangan» degan marhum bemorni kasalxonalar bir necha bor qabul qilmagani ma`lum bo`ldi

Jamiyat 13.07.2020, 19:13
SSV «vaqtida murojaat qilmay, uyida davolangan» degan marhum bemorni kasalxonalar bir necha bor qabul qilmagani ma`lum bo`ldi

Sog`liqni saqlash vazirligi koronavirusdan o`lim holatlari haqida xabar berarkan, ayrim hollarda vafot etgan bemorlarni quyidagi mazmunda ayblashi odatga aylanib qoldi: «Kasallik belgilari bo`lishiga qaramay, bemor shifokorlarga o`z vaqtida murojaat qilmay, uy sharoitida davolanib yurgan».

«Daryo»ga yaqin qarindoshi koronavirusdan vafot etgan fuqaro murojaat qildi. Ular, tabiiyki, taqdirning qarshi chiqib ham bo`lmaydigan hukmiga rozi, lekin Sog`liqni saqlash vazirligi siymosida nafaqat marhum fuqaro, balki oila sha`niga davlat tomonidan ilgari surilgan ayblovdan keskin norozi. Fuqaroning murojaatidagi norozilik — bir masala, deyarli o`limiga qadar uyida qolgan marhumning qarindoshlari mash`um voqeadan bir necha kun o`tsa hamki na karantinga olingani, na koronavirusga testdan o`tkazilgani — boshqa, yanada jiddiyroq masala (ehtimol, shu sababli ham so`nggi kunlarda aholi orasida kasallanish holatlari soni keskin o`sayotgandir — birgina Toshkentda 12 iyul kuni aholi orasida 240 kishida koronavirus tasdiqlandi).

"Yaqin qarindoshim uch-to`rt kun uyda issig`i chiqib, yo`taldi. Harorati tushavermagach, oxiri tez yordam chaqirdim. Avval shahar kasalxonalaridan biriga olib borishdi, u erda koronavirus testi natijasiga qarab olib qolishlari mumkinligi, boz ustiga muassasada sun`iy nafas oldirish apparati yo`qligini aytib, qabul qilishmadi. Shundan keyin shaharning boshqa kasalxonasiga olib bordik. U erda: «Qarindoshingizda koronavirus yo`q» deb, uni qabul qilmay, resept yozib, uyda davolanish uchun qaytarib yuborishdi. Kechga yaqin issig`i tushavermadi, nafas olishi esa og`irlashaverdi. Bu safar xususiy klinika tez yordam mashinasini chaqirib, yana boyagi (ikkinchi borganimiz) shahar kasalxonasiga bordik. Yana qabul qilishmadi. Xususiy klinikalar ham «koronavirus bo`lsa-chi» deb qabul qilishni xohlamadi.

Oradan uch kun o`tib, uning ahvoli battar og`irlashdi. Tez yordam chaqirdik, uch kun avval ikki marta borsak-da qabul qilmagan kasalxona bu safar qabul qildi, reanimasiyaga yotqizishdi. «Qabul qilsa bo`larkan-ku», deb hayron qoldik, ahvoli shunchalikka bormaguncha qabul qilishmadi-ya. O`sha kuni, kasalxonaga yotqizilganidan ko`p o`tmay, joni uzildi. Koronavirusga topshirgan tahlili esa ertasiga chiqdi. Mayitni olib chiqib ketishga ham qiynaldim — bir kun qolib ketdi. Lekin meni eng qiynagan narsa — Sog`liqni saqlash vazirligi hech narsani o`rganmay, noto`g`ri axborot tarqatgani. Xuddiki, biz qarindoshimizni vaqtida qaratmabmiz. Qabul qilishlarini so`rab, doktorlarga yalinib, jonimizga halqumimizga keldi-ku axir! Juda yomon qiynaldi bechora. Qiylanib, jon holatda hansirab nafas olishini eslasam, ko`zimga yosh kelaveradi.

Bu yoqda bolalarim chirqillab qoldi. Qo`limdan kelganini qildim, yozib bergan dorilarini olib kelib berdim. Hech bir shifokor uyimizga kelib, ahvolimizni o`rgangani yo`q. Qarindoshimiz vafotiga qadar biz bilan bir uyda yashaganiga qaramay, u koronavirus oqibatida vafot etgan bo`lsa-da, karantinga ham olishmadi. Uyni o`zimiz ikki marta xlorlab yuvib chiqdik. Endi bolalarim bilan hammamiz birga xususiy klinikaga borib test topshirmoqchimiz. Hozircha ahvolimiz yaxshi, o`zimizda biror o`zgarish sezganimiz yo`q. Nima bo`lsa — bo`ldi. Hammasini Xudoga soldim".

Qarindoshi koronavirusdan vafot etgan fuqaro

 

Eslatib o`tamiz, ayni paytda O`zbekistonda koronavirusdan vafot etgan bemorlar soni 62 nafarga etdi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1