1

Nyu-york kino akademiyasi bitiruvchisi minorali kranning ayol mashinisti haqida film suratga oladi

Madaniyat 16.07.2020, 15:53
Nyu-york kino akademiyasi bitiruvchisi minorali kranning ayol mashinisti haqida film suratga oladi

"O`zbekkino" MA mamlakat kino sohasiga yana bir katta yurakli yosh rejissyorni olib kirmoqda. O`zbekistonlik yosh rejissyor, Nyu-York kinoakademiyasi bitiruvchisi Anvar Madraimov Tashkent Cityda minorali kran mashinisti bo`lib ishlovchi ayol haqida film suratga olishni rejalashtirgan.

Anvar Madraimovning diplom ishi “Holy short films” festivalining “Yosh rejissyorlar” kategoriyasida g`olib bo`lgan. Hakamlar hay`ati tomonidan butun dunyodan ishtirok etgan 4 ming ta kinofilmlar ichidan eng yaxshisi deya e`tirof etilgan. 2018 yilda o`qishni bitirib, O`zbekistonga qaytib kelgach Anvar “O`zbekkino” MAga murojaat qilgan. Biroq u bilan hamkorlik aloqalari o`rnatilmagan. Keyinchalik postprodakshn agentligini ochib, AQShdan asbob-uskunalar olib keladi va premium darajasida ranglashtirish bo`yicha ishladi.

Bugun “O`zbekkino” MAning yangi rahbariyati yosh rejissyorni muzokaralar uchun taklif qildi va uning dastlabki yirik loyihasi bo`yicha kelishuvga erishildi. Kinoloyiha real voqealarga asoslangan bo`lib, zamonamiz qahramoni, Tashkent City qurilishida minorali kran operatori sifatida faoliyat yuritayotgan Nargiza Arslonova haqida. Loyihaning bosh hamkori sifatida Toshkent shahar hokimiyati ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

- O`zbek kinosi tomoshabinga ijtimoiy masalalar haqida so`zlashi kerak. Misol uchun men raqamli davrda yashayotgan zamonaviy yoshlar va katta avlod va yoshlar qiziqishlari o`rtasidagi farqlar haqida film tomosha qilishni istagan bo`lardim. Ma`naviy va axloqiy me`yorlar bo`yicha ularning qarashlari o`rtasida qay darajada farq bor? Ular o`zaro murosaga erisha oladilarmi? Bu juda qiziqarli va dolzarb masala, – deydi Anvar Madraimov.  

 

– Bizda g`alabalarga, hatto o`z ustimizdan g`alaba qozonishga ilhomlantiradigan motivasion filmlar etishmaydi. Bizga super kuchga ega odamlar haqida emas, balki oramizda yashayotgan va har kuni jasorat ko`rsatadigan insonlar haqida film kerak. Bular shifokorlar, ko`ngillilar, masalan, sport sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishgan imkoniyati  cheklangan odamlar bo`lishi mumkin. Misol uchun, men qush parvozi balandligida ishlab bir qo`l harakati bilan 8 tonnagacha yukni ko`taradigan yosh qiz Nargiza haqida film suratga olishni rejalashtiryapman. Yoki yana bir qiziqarli mavzu – 30 yoshli odam Toshkentda millioner bo`lishi mumkinmi? Zamonaviy o`zbek kinosida bunday filmlar hamda bu kabi mavzular juda ham kam, negaki sohada yoshlar kam. Biroq bugungi kunda “O`zbekkino” MA yosh iste`dodlarga katta e`tibor qaratayotgani, ularning g`oyalarini qo`llab-quvvatlayotgani, grantlar ajratayotgani va chet ellarda ta`lim olish uchun imkoniyat yaratilayotganini ko`rish quvonarli hol. Agentlik binosida yangi qurilgan zamonaviy yoshlar ijodiy laboratoriyasi – bu katta qadam va rejissyorlikni endi boshlayotganlar uchun uchrashuvlar o`tkazish, fikr almashish yoki ijodiy, qulay muhitda ishlash uchun ajoyib imkoniyatdir!  

Loyihani amalga oshirish ishlari yil so`ngiga qadar boshlanishi ta`kidlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1