Prezident Shavkat Mirziyoev 16 iyul kuni videoaloqa orqali neft-gaz kimyosi, elektr texnikasi va farmasevtika sanoatidagi yangi loyihalar taqdimoti hamda ushbu tarmoqlarni rivojlantirish ishlari bo`yicha hisobotlar bilan tanishdi.
Butun dunyoni qamrab olgan pandemiya jahon iqtisodiyotiga jiddiy salbiy ta`sir ko`rsatayotgan bugungi sharoitda mamlakatimizda sanoatni barqaror rivojlantirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Davlatimiz xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlab, ularni monetizasiya qilish yo`lidan bormoqda. Ya`ni, import o`rnini bosuvchi va eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarib, iqtisodiy samaradorlikni oshirish choralari ko`rilmoqda.
Taqdimotda neft va gaz kimyosi tarmog`idagi ana shunday yangi loyihalar bo`yicha ma`lumot berildi.
O`tgan yili 28 dekabrda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirilgan edi. Bugungi kunda uning 2-bosqichi loyihalashtirilmoqda. Ushbu loyiha qiymati 440 million dollar atrofida bo`lishi mo`ljallanyapti. 650 kishi ish bilan ta`minlanishi, yiliga 132 million dollarlik mahsulot tayyorlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar o`rnatilgani natijasida katta hajmdagi tabiiy gaz tejaladi.
25 million dollarlik navbatdagi loyiha vodorod peroksidi ishlab chiqarishga mo`ljallangan. Tozalash-dezinfeksiyalash xususiyatiga ega bu modda farmasevtika, tibbiyot, to`qimachilik va maishiy hayotda keng qo`llaniladi. Loyiha natijasida 50 ta ish o`rni yaratilib, yiliga qariyb 20 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Ushbu korxonani 2021 yil sentyabrda Navoiy viloyatida ishga tushirish rejalashtirilgan.






