E`tiboringizga havola etilayotgan yangi loyiha “San`at doirasidan tashqarida” deb nomlanib, unda el sevgan san`atkorlar bilan ularning xonadonida uchrashib, san`atdan tashqaridagi hayotlari haqida suhbat quramiz.
Loyihamizning birinchi mehmoni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Zokirova bo`lib, suhbatimiz aktrisa uchun qadrli va ardoqli bo`lgan xotiralar va buyumlar haqida kechdi.
— Xonadoningizga taklif qilganingiz uchun tashakkur.
— Xush kelibsizlar!
Aktrisaning uyiga kirishimiz bilan to`rda osig`liq turgan katta portret e`tiborimizni tortdi va surat kimga tegishli ekanini so`radik.
— Bu rahmatli qaynotam va qaynonamning portreti. Ming afsuski, ular bilan uchrashish menga nasib qilmagan. Lekin turmush o`rtog`im, yaqinlarimiz va qo`ni-qo`shnilardan ular haqida ko`p eshitganman. Oqil va dono inson bo`lishgan. To`qqizta farzandni voyaga etkazishgan. Turmush o`rtog`im - uchinchi farzand. Qaynotam bu dunyoni erta tark etgan bo`lsa ham, qaynonam barcha farzandlarini oliy ma`lumotli qilib, hech kimdan kam qilmay o`stirganlar. Ular haqida faqat yaxshi fikrlarni eshitganman.
— Uyingiz juda chiroyli va shinam ekan.
— Rahmat! Turmush o`rtog`im ham, o`zim ham saranjonlikni yaxshi ko`ramiz. Har bir narsa o`z joyida bo`lish kerak degan oltin qoidamiz bor. Turmush o`rtog`im “Oilada to`qqizta farzand bo`lgan bo`lsak ham, onam doim bizni toza kiyintirib, saranjom yurishga o`rgatganlar. Shu sabab bizning oilamizda ham tartib bo`lishi shart” deydi. Qaynona bilan kelinning tuprog`i bir erdan olinadi deb bejizga aytilmagan, men ham qaynonamga o`xshab ozodalikni xush ko`raman.
— Turmush o`rtog`ingiz oxirgi marta qachon va nima sovg`a qilgan?
— Kunimning etmish foizi oshxonada o`tishini bilgani uchun kuni kecha turmush o`rtog`im oshxona anjomlari sovg`a qildi. Ro`zg`orda bu buyumlar qancha ko`p bo`lsa ham kamlik qilarkan. Xuddi juda qadrli sovg`a olgandek xursand bo`lib ketdim. Aslida oshxona bilan do`stlashganimga ko`p bo`lgani yo`q. Yoshligimda o`qish-ishlar bilan bo`lib ro`zg`or yumushlarga ko`p ulgurmasdim. Ammo mana o`n yildirki oshxonada “ijod” qilish eng sevimli mashg`ulotlarimdan biriga aylangan.
— Qizingiz Asliya ham sizga yordamchi bo`lib qolgan ko`rinadi. Oilada bola tarbiyasida nimalarga ahamiyat berasiz?
— Ha, qizim uy ishlarida anchagina yordamchi bo`lib qolgan. Bolalarga kichkinaligidan uy yumushlarni bajarishni o`rgatish lozim. Chunki katta bo`lgani sayin mehnat qilishga, o`zini o`zi eplashga o`rganadi. To`g`ri bolalarni erkalash, imkoniyat darajasida talabini ham qondirish kerak, ammo bunda me`yorni unutmaslik lozim. Nima so`rasa olib beraverish birinchidan, ularni erka, ikkinchidan, qiyinchilikka sabrsiz qilib qo`yadi.
Bundan tashqari o`zimiz ham ularga o`rnak bo`lishimiz shart. Masalan, katta o`g`limni kichikligidan mehribonlikka, topganini yaqinlari bilan bo`lishishga o`rgatdim. Ishdan qaytayotganimda o`zim uchun olgan shokolod yo shunga o`xshash shirinliklarni yarimni o`zim eb qolganini o`g`limga olib kelardim va: “Mana o`g`lim, buni senga ilindim” derdim. Buni o`zimga odat qilib olgandim. Bugun esa to`ng`ichim aynan mana shu xislatni o`ziga singdirib olgan. Kichkintoylarim ham akasidan o`rnak olishyapti.
— Farzandingiz qaysi sovg`asi siz uchun qadrli?
— Katta o`g`lim 4 yoshida kasting asosida “Oltin baliqcha” nomli ikki qismli videofilmda bosh qahramon roliga tasdiqlangandi. Ana shu roli uchun 70 ming so`m gonarar ham olgan. O`sha pulga men o`zimga va boshqa yaqinlarimizga o`g`limning nomidan esdalik sovg`alari xarid qilganman. Tug`ilgan kunimga esa o`zi yig`ib-to`plagan pullaridan menga soch quritkich sovg`a qildi. Bugun o`g`lim Sankt-Peterburgdagi Madaniyat va San`at institutining aktyorlik va rejissyorlik bo`limida tahsil olyapti. O`rtamizdagi masofa uzoq. Sog`inganimizda shirin xotiralar bilan eslab turamiz.
— Har bir bolaning o`smir yoshida muammolar bo`lishi tabiiy. Aytingchi, siz bu qiyin davrni qanday engib o`tgansiz?
— Albatta, bu nafaqat bolalar, balki onalar uchun ham juda qiyin davrlardan biri. Bizni ham bu muammolar chetlab o`tmagan. To`ng`ichim ulg`ayganda ukalari juda kichkina edi. O`zingiz bilasiz, chaqaloqlarning injiqliklari, uyqusiz tunlar... Ruhan charchagan paytimda o`zim istamagan holda alamimni o`g`lim Umiddan olgan paytlarim bo`lgan. Tez-tez urushib qolardik. O`shanda menga o`zim ijro etgan rollarimdan biri katta yordam bergan. Maktab direktori rolida o`quvchilardan birining onasiga: “Ota-ona o`z farzandi bilan til topisha olmas ekan, bu muammolar hech qachon tugamaydi” degan joyim bor edi. O`sha bir og`iz gap o`zimga ham ta`sir qilib, xulosa chiqardim. Keyin jahlim chiqqanda o`zimni bosishga, o`smir o`g`limni ham tushunishga, eshitishga, unga vaqt ajratishga harakat qila boshladim. Shundan keyin hammasi izga tushib ketdi. Farzandalarim tarbiyasida ham kasbimning foydasi tekkan deyishim mumkin. Nazarimda barcha ota-onalar farzandi bilan til topishib ular bilan do`stona munosabat o`rnatishi lozim. Shundagina o`rtadagi mehr-oqibat yo`qolmaydi deb o`ylayman.
— Hayotingizda og`iringizni engil qiladigan narsa nima?
— (o`ylanib) Narsalar haqida gapiradigan bo`lsak, bu – mashinam!. Mashina shaxsan men uchun boylik ramzi emas, aksincha og`irimni engil qiladigan, eng kerakli buyumlardan biri. Hozirgi kunda avtoulov ayollarning o`ng qo`li deyish mumkin. Sababi bolalarni bog`chaga, maktabga, to`garaklarga olib borib kelish, shaharning turli burchaklarida joylashgan bozor va do`konlardan xarid qilish, ishga, mehmonga o`z vaqtida etib borish uchun eng qulay vosita bu avtomobil bo`lib qolgan. Ayol kishi har bir ishni turmush o`rtog`ining zimmasiga yuklamay, uning yordamini kutib vaqt o`tkazmasdan o`zi hal etishi uchun ham imkoniyat yaratadi. To`g`risi, turmush o`rtog`im menga mashina sovg`a qilganida avvaliga boshqarishga rosa qo`rqqaman. Ammo bugun uni eldek uchirib haydayman va barcha ishlarimni engillashtirganman. Turmush o`rtog`imning ham qulog`i ancha tinchigan (kuladi).
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi