Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi Musa Erniyazovning vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Shundan so`ng SSV ushbu xabarlarni rad etdi.
Yaqin ikki kun ichida esa ijtimoiy saytlar va ommaviy axborot vositalarida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi raisi M. Erniyazov bilan bog`liq noto`g`ri va asossiz xabarlar tarqalishi, mazkur noxolis axborotlarni tarqatgan manbani aniqlash maqsadida prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan o`rganish ishlari keng muhokama qilinmoqda.
Mazkur uydirma xabarlar kim tomonidan tarqatilganini aniqlash maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mas`ul shaxslari tomonidan “Makan.uz” cayti muharriri L.Kallxanova, «kruz.uz» sayti muharriri I.Yusupov, «kar24.uz» sayti muharriri Q.Begniyazovalar bilan profilaktik suhbat o`tkazildi. Profilaktik suhbat chog`ida prokuror yoki ichki ishlar xodimlari tomonidan jurnalistlarga hech qanday bosim yoki tazyiq o`tkazilmagan. Bu haqda Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasi xabar qilmoqda.
Hozirgi vaqtda M.Erniyazov shaxsiga taalluqli noto`g`ri ma`lumotlar tarqatilishi holati bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
"Elni nazarida bo`lgan har qanday kishi bilan bog`liq ma`lumotlar keng jamoatchilik orasida tezda dolzarb muhokamalarga sabab bo`lishi hech kimga sir emas. Ayniqsa, bunday axborot uning hayoti yoki salomatligi bilan bog`liq bo`lsa, u holda bu holat yanada ko`proq fikr almashinishlarga olib keladi. Bunday vaziyat u insonning oilasi, mehnat jamoasi, bilgan yaqinlarida turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin",- deyiladi rasmiy xabarda.
Mavzuga doir:
Avvalroq, ya`ni 18 iyul kuni Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi raisi Musa Erniyazov hamda Surxondaryo viloyati hokimi To`ra Bobolov koronavirusga chalingani hamda ular davolanayotgani haqida xabar berilgandi.






