1

O`zbekiston va Afg`oniston prezidentlari telefon orqali muloqot qildi

Siyosat 02.08.2020, 16:23
O`zbekiston va Afg`oniston prezidentlari telefon orqali muloqot qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 avgust kuni Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G`ani bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat har doimgidek ochiq va do`stona ruhda o`tdi.

Muloqot avvalida davlat rahbarlari muqaddas Qurbon hayit ayyomi munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladilar.

Keyingi yillarda mustahkam do`stlik va an`anaviy yaxshi qo`shnichilik rishtalariga, tarix, an`ana va urf-odatlar mushtarakligiga asoslangan O`zbekiston-Afg`oniston munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muloqot chog`ida ikki tomonlama hamkorlik, avvalo, iqtisodiyot, energetika va transport-kommunikasiya sohalaridagi amaliy sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi. Mintaqaviy ahamiyatga molik eng muhim masalalar yuzasidan ham batafsil fikr almashildi.

Davlat rahbarlari ikkala mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va epidemiologik vaziyatni nazorat qilish borasida ko`rilayotgan qat`iy chora-tadbirlarni to`liq qo`llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda mamlakatlar o`rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar sur`atini saqlab qolish muhimligi qayd etildi.

Prezidentlar Afg`onistonning barqaror taraqqiyotiga, mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etishiga xizmat qiladigan ustuvor infratuzilma va investisiya loyihalarini ilgari surish borasidagi sa`y-harakatlarni faollashtirishga muhim e`tibor qaratdilar.

Bular chegaraoldi hududlarda zamonaviy savdo-logistika infratuzilmasini yaratish, “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish liniyasini barpo etishdek yirik loyihalarni amalga oshirish va Afg`oniston hududida samarali transport yo`laklarini tashkil etish, jumladan, xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlar imkoniyatlarini faol jalb qilishni nazarda tutadi.

Ta`lim va madaniy-gumanitar almashinuv bo`yicha qo`shma dasturlarni amalga oshirish davom ettiriladi.

O`zbekiston va Afg`oniston rahbarlari afg`on muammosini tinch yo`l bilan echish masalalarini ko`rib chiqdilar hamda afg`onlar o`rtasida o`zaro muzokaralarni tez fursatda boshlash bo`yicha olib borilayotgan harakatlarni to`liq qo`llab-quvvatladilar.

Prezident Ashraf G`ani 2018 yil mart oyida bo`lib o`tgan hamda natijalari afg`on inqirozini siyosiy yo`l bilan hal etishda salmoqli siljishga erishish imkonini bergan Afg`oniston bo`yicha Toshkent xalqaro konferensiyasining tarixiy rolini alohida qayd etdi.

Muloqot yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat va butun Markaziy Osiyo mintaqasi manfaatlari yo`lida ko`p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish borasida qat`iy ekanliklarini ta`kidladilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1