AsosiySalomatlik

Koronavirusdan tuzalgan bemorlar ma`lum muddatdan so`ng eshitish qobiliyatini yo`qotadimi?

'Koronavirusdan tuzalgan bemorlar ma`lum muddatdan so`ng eshitish qobiliyatini yo`qotadimi?'ning rasmi

Britaniyaning Manchester universiteti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko`ra, koronavirusdan tuzalgan bir qancha bemorlar kasalxonadan chiqqanlaridan sakkiz hafta o`tgach, ularning eshitish qobiliyatlari yomonlashgan. Bu esa COVID-19 ga chalingan va undan tuzalgan bemorlarning sog`liklarida ancha vaqt o`tgandan keyin ham muammolar davom etishini ko`rsatmoqda. Bu haqida Daily Mailga tayanib xs.uz xabar bergan.

Manchester universitetining tadqiqot markazi olimlari ushbu ilmiy izlanishlar davomida koronavirusdan tuzalgan 121 kishini o`rganishdi. Bemorlar kasalxonadan chiqqanida boshlab sakkiz hafta mobaynida shifokorlar bilan telefon orqali suhbatda bo`ldi. Ulardan eshitishdagi o`zgarishlar haqida so`ralganda virusga chalinishdan oldin ham qulog`ida muammosi bo`lgan bemorlarning 16 tasi (tadqiqotda qatnashganlarning 13.2 foizi) o`zida bu qobiliyat yanada yomonlashganini aytgan. Shuningdek, COVID-19ni boshdan kechirishdan oldin eshitishi yaxshi bo`lgan 8 kishida muammolar paydo bo`lgan, yana 8 kishining qulog`ida doimiy shang`illash yuzaga kelgan.

“Bizga oldindan ma`lumki, tepki, qizamiq va meningit kabi viruslar eshitish qobiliyatining yo`qolishiga sabab bo`lishi mumkin. Koronavirus ham quloqlar va miya o`rtasida axborotni tashuvchi asab tolalariga zarar etkazadi. COVID-19 eshitish tizimiga muammolar tug`dirishi, jumladan, o`rta quloq yoki ichki quloqqa zarar etkazishi ehtimoli bor”, deydi ushbu tadqiqotda qatnashganlardan biri professor Kevin Munro.

Manchester universiteti olimlari o`zlarining ilmiy ishlari bayonotida koronavirusning eshitish bilan bog`liq muammolarga olib kelishi mumkinligining sabablarini aniqlash uchun yana bir qancha tadqiqotlar olib bormoqchi va bu hali oxirgi xulosa emas.

"COVID-19 dan boshqa faktorlar ham eshitishning yo`qolishi va quloqda shang`illashning yuzaga kelishiga ta`sir qilishi mumkin” deydi Munro.

    Boshqa yangiliklar