Evropa ittifoqi afg`on ayollarining O`zbekistonda o`qishi uchun mablag` ajratadi

Dunyo 05.08.2020, 23:28
Evropa ittifoqi afg`on ayollarining O`zbekistonda o`qishi uchun mablag` ajratadi

Evropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta-maxsus ta`lim vazirligi bilan hamkorlikda afg`on ayollari mamlakatimizda o`qishi uchun 2020 yil ta`lim grantlariga ariza berish jarayonini davom ettirmoqda. Bu haqda BMT TD matbuot xizmati ma`lum qildi.

Tanlov mezoniga ko`ra, talabgorlar ingliz tili, biologiya va kimyo asoslari, shuningdek, ingliz tilida yozma testni muvaffaqiyatli topshirishi hamda tanlov komissiyasi a`zolari bilan intervyudan o`tishi talab etiladi.

G`oliblar birinchi o`quv yilida o`zbek tili, ingliz tili, kimyo va biologiya fanlaridan asosiy kurs bo`yicha tahsil oladi. Talabalar til, biologiya va kimyo bo`yicha boshlang`ich tayyorgarlikdan so`ng agronomiya ixtisosligi bo`yicha “TVET” dasturi asosida tahsil ola boshlaydi. Ushbu grant dasturi uch yil, 2020 yil sentyabrdan 2023 yil mayga qadar davom etadi. Bu vaqt davomida talabalar Termiz shahridagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazida yashaydi.

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining birinchi o`rinbosari O`ktam Salomovning ta`kidlashicha, O`zbekiston qo`shni, do`st Afg`oniston zaminida tinchlikni qo`llab-quvvatlaydi. Ushbu ezgu ish Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishga erishishda muhim hisoblanadi. Agronomiya sohasida texnik va kasbiy ta`limi (TVET) dasturi orqali kasbiy mahoratini oshirishni istagan 12 yillik o`rta maktab guvohnomasiga ega afg`onistonlik ayollar ta`lim granti bilan taqdirlanadi.

– Gender tengligi hamda xotin-qizlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish nafaqat insonning asosiy huquqi, balki mamlakatni rivojlantirish va ravnaq toptirishning oqilona milliy strategiyasi hamdir, – dedi BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. – Grant dasturi Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi va BMT TD tomonidan amalga oshiriladi. Bu yangi transchegaraviy tashabbus bo`lib, afg`onistonlik ayollarga Markaziy Osiyodagi universitetlarda tahsil olish orqali malaka oshirish va o`zlarini professional tomondan kashf etish imkonini beradi.

Eslatib o`tamiz, uch bosqichni o`z ichiga oladigan ariza qabul qilish jarayoni 2020 yil 15 avgustga qadar davom etadi. Dastur va qabul jarayoni bilan bog`liq barcha tafsilotlardan quyidagi havola orqali xabardor bo`lish mumkin: https://edu.uz/uz/pages/afghan_women_TVET_grants.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1