Kamida 35 ta davlat OTMlarida birinchi kurs talabalari uchun o`qish kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi

Siyosat 06.08.2020, 21:36
Kamida 35 ta davlat OTMlarida birinchi kurs talabalari uchun o`qish kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoev 6 avgust kuni joriy yilda oliy ta`lim muassasalariga qabulni tashkil qilish va 2020/2021 o`quv yiliga tayyorgarlik ko`rish masalalari yuzasidan yig`ilish o`tkazdi.

Ma`lum bo`lishicha, joriy yilda mamlakatimizdagi oliy ta`lim muassasalariga (OTM) bakalavriat bosqichiga 162 364, magistraturaga 10 425 o`rin ajratilgan.

Bu yil 91 ta OTMga bakalavriat yo`nalishi bo`yicha 1 million 484 ming nafar abiturient hujjat topshirgan bo`lib, bu o`tgan yilgiga nisbatan 39 foiz ko`p. Bitta o`ringa 10,6 ta talabgor to`g`ri kelmoqda.

Magistratura yo`nalishida 72 ta ta`lim dargohiga 78 ming 720 nafar yoki o`tgan yilgiga nisbatan 3 barobar ko`p hujjat topshirilgan. Umuman, qabul kvotalari 2016 yilgiga nisbatan 3 marotaba ortgan.

Bugungi kunda o`qishga qabul qilish testlari qachon, qaerda va qanday tartibda o`tkazilishi hamda 2020/2021 o`quv yilida ta`lim jarayoni qanday tashkil etilishi barchani o`ylantirmoqda. Bunga sabab, tabiiyki, turmush tarzimizni o`zgartirib yuborgan koronavirus pandemiyasi.

Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoev bugun taqdimot chog`ida ushbu omilni hisobga olgan holda kun tartibidagi masalalar yuzasidan qator vazifalarni belgilab berdi.

Jumladan, test imtihonlarini abiturientlar va nazoratchilar uchun epidemiologik xavfsizlikni ta`minlash imkonini beradigan joyda o`tkazish kerakligi qayd etildi.

Yopiq binolar epidemiologik talabga javob bermasligini, ijtimoiy masofaga rioya qilingan taqdirda imtihonlar vaqti anchaga cho`zilib ketishini inobatga olib, test sinovlarini Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlaridagi stadionlarda tashkil etishga topshiriq berildi. Bunda imtihonlar kuniga 2 marta (havo salqin paytda) o`tkazilsa, barchasini taxminan 12-14 kunda yakunlash mumkin.

Mutasaddi vazirlik va idoralarga stadionlarni test sinovlariga puxta tayyorlash, ularning dislokasiyasi bo`yicha abiturientlarni to`liq xabardor qilish yuzasidan ko`rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari imtihonlarning sanasini Sog`liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologiya xizmatining epidemiologik vaziyat borasidagi xulosasidan kelib chiqqan holda belgilash, aholi salomatligiga xavfsizligini ta`minlash lozimligini ta`kidladi.

Test sinovlarini shaffof holda o`tkazish uchun, yoshlarni ortiqcha sarson qilmaslik maqsadida Ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi, hokimliklar, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati tomonidan zarur choralar ko`riladi.

Ta`lim jarayonini sifatli o`quv resurslari bilan boyitish uchun salohiyatli professor-o`qituvchilarni jalb etish muhimligi qayd etildi.

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi 25 avgustgacha barcha 7 ming 200 dan ziyod fan bo`yicha nazariy va amaliy mashg`ulotlarning raqamli uslubiy ta`minotini va masofaviy ta`limga moslashtirilgan o`quv dasturlarini yaratishi belgilandi.

Kamida 35 ta davlat OTMlarida birinchi kurs talabalari uchun o`qish kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi.

– Taraqqiy etgan davlatlar tajribasi ta`lim dargohlarini zamon talablariga moslashtirmasdan ilmiy va texnologik yutuqlarga erishish qiyin bo`lishini ko`rsatmoqda, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoev.

 

Shu sababdan joriy yilda nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda O`zbekistonning kamida 5 ta oliy ta`lim muassasasi transformasiya qilinadi. Bunda asosan tuzilma va o`qitish texnologiyalari takomillashtiriladi, natijada ular zamonaviy ta`lim beradigan va innovasiyalarni joriy qiladigan ilmiy dargohga aylantiriladi.

Yig`ilish yakunida davlatimiz rahbari rektorlar bilan muloqotda bo`lib, ular aytgan muammolarni hal etish va takliflarini amalga oshirish bo`yicha mutasaddilarga ko`rsatmalar berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1