AsosiyJinoyat

Qoraqalpog`istonda 3 yoshli ukasini bo`g`ib o`ldirgan 15 yoshli qizga sud hukmi o`qildi

'Qoraqalpog`istonda 3 yoshli ukasini bo`g`ib o`ldirgan 15 yoshli qizga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Taxiatosh tumanida joriy yil 22 yanvar kuni 3 yoshdi o`gay ukasini bo`ynidan bo`g`ib o`ldirgan 10-sinf o`quvchisi Venera Alimova (ismi-sharifi o`zgartirildi)ga sud hukmi o`qildi. Mudhish voqeaga bolaning o`gay opasi (V.Alimovaga)ga “men bilan o`yinchoq o`ynamading” deb haqorat qilishi sabab bo`lgan, ammo suddagi ko`rsatmalarga ko`ra, buning zamirida jiddiy ruhiy holat va oiladagi nazoratning yo`qolishi sabab bo`lgan.

Voqea qanday yuz bergan?

2020 yil 22 yanvar kuni soat 18:40 lar chamasida, uyida onasi va ugay otasi yo`q paytida V.Alimovaning qoshiga 2016 yilda tug`ilgan o`gay ukasi Sarvar Alimov (ismi-sharifi o`zgartirildi) keladi va birga o`yin o`ynashni so`raydi. O`gay opaning ko`ngil hushi yo`q va bu vaqtlarda u o`zining yashash tarziga nolib, hayotidan bezib yurgan payti edi. Ukasining iltimosini rad etadi. 3 yoshli bola opasining birga o`ynamaganligi uchun uni haqorat qilib, so`kadi. Ko`pdan buyon alamini ichiga yutib yurgan o`smir qiz o`gay ukani avval qo`llari bilan urib, oyog`i bilan tepkilab, krovat ustiga yotqizib, buynini qo`llari bilan, keyin shu erda yotgan oq rangli metall sim bo`lagi bilan bug`a boshlaydi. Sim qo`lida turmaganligi sababli buynidan ayollar rumoli bilan bug`adi. 3 yoshdagi bolakay bu harakatlarga faol qarshilik ko`rsata olmasdi va u hushini yo`qotib chala jon bo`lib qoladi. O`smir qiz ukasi S.Alimovning o`lganiga ishonch hosil qilish maqsadida uning nafas olish yo`llariga havo keltirmaslik uchun bet yuzini 15 minutgacha yostiq bilan bosib turib, o`ta shafqatsizlik bilan qasddan o`ldiradi/

Voqea bo`yicha avvalida real vaziyat ochiqlanmaydi, lekin ish bo`yicha tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasi bolaning o`limiga bo`yin qismining tashqi ta`sir tufayli bug`ilishi oqibatidagi mexanik asfiksiyadan kelib chiqqanligini isbotladi. Keltirilgan dalillarni o`smir qiz tan oladi.

Qotillikka nima sabab bo`lgan?

V.Alimovaning ota-onasi 2013 yilda ajrashib ketadi. Ota-onalari uni va ikki ukasini Xo`jaylidagi “Mehribonlik uyi”ga, eng kichkina ukasini esa Taxiatoshdagi “Go`daklar uyi”ga topshiradi.

Onasi boshqa erga tegadi va 2016 yilda o`g`il ko`radi.

2019 yilda V.Alimova onasining qo`liga tarbiyalanishga qaytadi, lekin ukalari “Mehribonlik uyi” va “Go`daklar uyi”da qolishadi.

Sudlanuvchining ko`rsatmasi bo`yicha, onasi va o`gay otasi unga doimo yomon munosabatda bo`lib kelishgan.

Voqea sodir bo`lgan kuni tushlikni birga tanavvul qilib bo`lgandan keyin qiz onasi bilan gap talashib qoladi. Keyinchalik otasi ham onasi ham ishga ketadi. Uyda 3 yoshar o`gay ukasi S.Alimov bilan qoladi.

Qiz onasining gaplarini hazm qila olmay boshi og`rib krovatda yotib qoladi. Ukasi o`ynagisi kelib, qayta-qayta qoshiga kelib osila beradi. U boshi og`rib, yomon kayfiyatda bo`lganligi bois ukasini qaytarib tashlaydi. Shu payt, ukasi unga yomon gap aytib, haqorat qiladi, so`kadi. Onasi bilan janjallashib, jonidan to`yib, chidami tugab turgan vaqtda uning so`kingani qattiq jahlini chiqaradi va urib, tepib tashlaydi. Ukasi yig`lab krovatga yotib qoladi. Shu vaqtda o`gay opasi uni ikki qo`li bilan bug`ib boshlaydi va miyasida uni o`ldirish niyati paydo bo`ladi hamda bo`ynidan sim bilan bug`adi, nihoyat uni o`ldiradi. O`lganiga aniq ishonch hosil qilgandan keyin o`zi ham tinch uxlab qoladi.

Jabrlanuvchining qonuniy vakili va ikkalasining ham onasi Muyassar Alimova (ismi-sharifi o`zgartirildi)ning ko`rsatmasi bo`yicha qizi Venera 7-sinfdan 10-sinfgacha Xo`jaylidagi “Mehribonlik uyi”da tarbiyalangan va shu erda o`qigan. U erda yana ikki o`g`li ham bor. Ulardan vaqti-vaqti bilan xabar olib turgan. Qizi 9-sinfni tugatgandan keyin uyiga, onasining qo`liga kelgan. Shu paytdan oilada eri, 2016 yilda tug`ilgan o`g`li Sarvar, qizi bilan to`rt nafar kishi bo`lib yashay boshlagan. Qizining xulq-atvori “Mehribonlik uyi”dan kelgandan keyin juda o`zgargan, birdan jahli chiqadigan bo`lib qolgan.

2020 yil 14 yanvar kuni qizi qo`shnisi R. ismli bola bilan aroq ichib o`tirganida ushlab olib, ichki ishlar xodimlarini chaqirib ularga topshirgan. Keyinchalik maktabda tibbiy ko`rikdan o`tganida qizida bronxit kasalligi va kistasi borligi aniqlanadi va 17 yanvar kuni uni sanatoriyaga olib ketishadi. 22 yanvar kuni sog`ligi yaxshi, deb uyiga qaytariladi. Eri ishga ketadi. Qizi shim kiyib, bo`yanib yurganligi uchun unga “qizim, shim kiyma, ko`ylak, ishton kiyib yur, bo`yanma, ko`zlaringdagi buyoqlarni o`chir” deb nasihat qilib koyiydi va bolalarining sirtidan ilib ishga ketadi. Ishdan kelgan vaqtda oldidan qizi chiqadi va “Sarvar ikkalamiz uxladik” deydi.

Keyin eriga “Sarvarni uyg`ot” deydi, u ichkariga kirib bolasini uyg`otmoqchi bo`lsa, bolasi tilini tishlab, jonsiz holda yotganini ko`radi.

– Voyaga etmaganlarning jinoyat ko`chasiga kirishiga sabab bo`ladigan omillar – oiladagi nobop muhit, moddiy etishmovchilik, bolalarning qarovsiz, nazoratsiz qolishi, ommaviy axborot vositalarida, filmlarda zo`ravonlik, shafqatsizlikning targ`ib qilinishi, ta`lim muassasalarida samarali profilaktik ishlar olib borilmasligi, voyaga etmaganlarning bo`sh vaqti mazmunli tashkil etilmaganligi hamda ijtimoiy og`ir ahvolda qolgan voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga o`zini-o`zi boshqarish organlari hamda keng jamoatchilik tomonidan etarlicha e`tibor bermasligi, – deydi ushbu jinoyat ishini ko`rib chiqqan Qoraqalpog`iston Respublikasi jinoyat ishlari bo`yicha sudining raisi Gulnora Bazarboeva. – O`smir nima sababdan jinoyat ko`chasiga kirib qolganini anglab etish uchun, eng avvalo, uni qurshab turgan ijtimoiy muhit, shart-sharoit va uning o`smir shaxsiga qanday ta`sir etganligini tahlil qilish lozim. Ichki psixologik sabablar, salbiy shaxs sifatlari, ya`ni noqonuniy xulq, qat`iy hayotiy maqsadlarning mavjud emasligi, tashqi salbiy muhit va oilada tarbiyaning yaxshi emasligi unda jinoyatchilik xulqining shakllanishiga qulay imkoniyat yaratadi.

O`smirga 6 yillik qamoq jazosi tayinlandi

Voyaga etmagan V.Alimova tomonidan sodir etilgan ushbu voqea yuzasidan jinoyat ishi Qoraqalpog`iston Respublikasi jinoyat ishlari bo`yicha sudida 2020 yil 28 iyul kuni mazmunan ko`rib chiqildi. Voyaga etmagan V.Alimova O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining “v,j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, sud tomonidan unga jazo tayinlashda u jinoyatni voyaga etmagan 15 yoshda sodir etganligi, ayol kishi ekanligi, muqaddam sudlanmaganligi, dastlabki va sud tergovlarida aybiga to`liq iqror bo`lib, chin ko`ngildan pushaymon ekanligi, jinoyat sodir etishiga oiladagi og`ir sharoit, xususan uning onasi bilan o`rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik, onasining va o`zining yashash tarzidan qoniqmasligi, onasi bolalarini davlat tarbiyasiga topshirib qo`yib, o`g`liga ko`proq e`tibor berib, uni yaxshi ko`rishi, o`zi yoshligi sababli hayotni tushunmasdan onasiga achchiqlanib, uning uch yashar o`g`lining umriga qasd qilganligini hisobga olingan va O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 85-moddasi 2-qismining “v” bandiga asosan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

    Boshqa yangiliklar