Sirdaryo viloyatida mamlakatimizga noqonuniy ravishda olib kelib pullanmoqchi bo`lingan 800 dona “VIRUS SHUT OUT” nomli hamda 70 dona “E.A Mask” nomli koronavirusga qarshi blokatorlar to`xtatib qolindi.
Ushbu noqonuniy mahsulotlar viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo`limi tomonidan oldindan olingan tezkor ma`lumotlarga asoslanib, viloyat davlat xavfsizligi xizmati hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbir natijasida fosh etildi.
Mirzaobod tumani hududidan o`tuvchi M-34 yo`lining Guliston – Toshkent yo`nalishidagi yo`l o`tkazgich ko`prik ostiga kelib to`xtagan «Kobalt» hamda «Neksiya-3» rusumli avtotransport vositalarining yukxonasi belgilangan tartibda xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida fuqaro Xoldor Uyg`unov (personajlarning ismi-sharifi o`zgartirilgan) boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtotransport vositasining yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo`lmagan va sifati kafolatlanmagan jami 800 dona “VIRUS SHUT OUT” nomli hamda fuqaro Metanboy Jovliev boshqaruvidagi «Neksiya-3» rusumli avtotransport vositasining yukxonasida jami 70 dona “E.A Mask” nomli koronavirusga qarshi blokatorlar borligi aniqlandi.
Olib borilgan dastlabki tekshiruv va surishtiruv davomida yuqorida keltirilgan avtomashinalardan olingan virusga qarshi blokatorlar «Neksiya-3» rusumli avtomashinada yo`lovchi sifatida kelgan fuqaro Raxmiddin Shovlievga tegishli ekanligi ma`lum bo`ldi.
O`tkazilgan tezkor tadbir davomida dastlabki taxminiy qiymati 34 million 560 ming so`mlik 800 dona “VIRUS SHUT OUT” nomli va 70 dona “E.A Mask” nomli koronavirusga qarshi blokatorlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ushbu holat yuzasidan hozirda bojxona xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
17.08.2020 16:51
34,5 million so`mlik koronavirusga qarshi blokiratorlar ushlab qolindi






