Yuqumli kasalliklar bo`yicha singapurlik mashhur shifokor Pol Tambyahning aytishicha, koronavirusning mutasiyaga uchrashi, ya`ni uning genetikasi o`zgarishi yaxshi holat bo`lishi mumkin. Hozirda COVID-19 ning mutasiyaga uchragani Evropada ko`p marta aniqlangan bo`lib, bu holat yaqinda Malayziyada ham yuz bergan. Bu haqda tarjumon.uz ma`lumot berdi.
Singapur milliy universitetining katta maslahatchisi va AQShda joylashgan infeksion kasalliklar bo`yicha Xalqaro Jamiyatning prezidenti Pol Tambyah Singapurda ham D614G nomli mutasiya aniqlanganini ma`lum qildi.
Mutaxassisning so`zlariga ko`ra, Evropada koronavirusdan o`lganlarning soni tushishiga bu qit`ada ushbu virusning ko`p marta mutasiyaga uchragani sabab bo`lgan. Bu esa koronavirusning mutasiyaga uchragan turi odam hayotiga oldingisidan kamroq xavf tug`dirishini ko`rsatmoqda.
Boshqa ekspertlardan farqli ravishda, Tambyah virusning mutasiyasi hozirda yaratilayotgan vaksinalarning samaradorligiga ta`sir qilishi ehtimoldan yiroqligini va ko`plab viruslarning xavflilik darajasi mutasiyaga uchraganidan keyin kamayishini ta`kidlagan.
“Balki, yuqumlilik darajasi yuqori-yu, lekin o`limga olib kelish xavfi kamroq bo`lgan koronavirusni yuqtirib olish yaxshi bo`lishi mumkin. Ko`proq odamga tarqalishi virusning foydasiga ishlaydi, lekin u o`zi kirgan organizmni o`ldirishdan manfaatdor emas. Chunki, virus ozuqa va yashash uchun joyga ega bo`lishi uchun organizm tirik bo`lishi kerak” deydi Tambyah.
JSSTning ma`lum qilishicha, olimlar koronavirusning mutasiyaga uchragan turini fevraldayoq aniqlashgan. Keyinchalik Evropa va ikkala Amerikada ham virusning genetikasi o`zgargani qayd etilgan.
Yaqinda Malayziya rasmiylari mamlakatdagi ikkita virus klasterida koronavirusning mutasiyaga uchragan D614G turi aniqlanganini xabar qildilar.
16 avgustda Malayziyaning sog`liqni saqlash bo`yicha bosh direktori Nur Hishom Abdullo aholini yanada ogoh bo`lishga chaqirdi. Nur Hishomning aytishicha, virusning bu turi oldingisidan 10 martaga yuqumliroq bo`lib, hozirda yaratilayotgan vaksinalar unga qarshi ish bermasligi mumkin.
Lekin, Tambya bunday mutasiyalar hozirda yaratilayotgan vaksinalarning samaradorligini kamaytirdigan darajada koronavirusni o`zgartirib yubormasligini aytdi.






