AsosiyMadaniyat

Endi O`zbekistondagi barcha madaniyat muassasalari uchun yagona manzildan chipta xarid qilish mumkin bo`ladi

'Endi O`zbekistondagi barcha madaniyat muassasalari uchun yagona manzildan chipta xarid qilish mumkin bo`ladi'ning rasmi

O`zbekistondagi barcha madaniyat muassasalari chipta operasiyalarining yagona elektron tizimiga bosqichma-bosqich ulanmoqda. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar qildi.

Mazkur tizim yagona manzil orqali barcha madaniyat muassasalariga chipta xarid qilish imkonini beradi. Tizimni ishga tushirish ishlari Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Hozircha tajriba-sinov tariqasida chipta operasiyalarining yagona elektron tizimiga Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik katta teatri, O`zbek milliy drama teatri, Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri va Buxoro davlat muzey-qo`riqxonasi ulangan.

Sinov davrining birinchi bosqichida ushbu muassasalar xodimlari tizimda ishlashning o`ziga xos xususiyatlari bilan tanishib, chipta sotuvi uchun undan foydalanishni boshlashadi. Sinov muddati yakunlangach, mamlakatning barcha chipta asosida ishlovchi davlat teatrlari, muzeylar va Madaniyat vazirligining boshqa idoraviy tashkilotlari tizimga ulanadi.

Chipta operasiyalarining yagona elektron tizimi madaniyat muassasalarida amalga oshirilayotgan chiptalar savdosini monitoring qilish, taqdim etilayotgan xizmatlarning shaffofligi, sifati va xavfsizligini ta`minlash, sohadagi spekulyativ faoliyatni minimallashtirish imkonini beradi. Sohada regulyatorning paydo bo`lishi raqobat muhitini yaxshilaydi, bozorni monopoliyadan xoli qiladi.

Shuningdek, tizimda blokcheyn texnologiyasidan foydalanish masalasi ham ko`rib chiqilgan. Mazkur texnologiya chiptalar sotilishida shaffoflikni ta`minlash bilan birga, chiptalar savdosi bilan bog`liq har qanday holatni himoyalangan ma`lumotlar bazasida qayd etadi. Bunday zanjirli ma`lumotlar yozuvini o`zgartirish yoki o`chirish mumkin emas.

Qayd etilishicha, chipta operasiyalarining yagona elektron tizimi madaniyat tadbirlariga chipta sotish uchun onlayn-savdo platformalari, shuningdek, provayderlar va boshqa xizmatlarning faoliyatini cheklamaydi. Yaratilgan raqobat muhitidan qulay va mos xizmat turini tanlash huquqini xaridorning o`zida qoldiradi.

    Boshqa yangiliklar