Vladimir Putinning muxolifi hisoblanuvchi Aleksey Navalniy 20 avgust kuni Sibirda kasalxonaga yotqizildi. Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmishning aytishicha,u zaharlangan. Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.
44 yoshli Navalniy Sibirning Tomsk shahridan Moskvaga qaytayotgan paytda o`zini yomon his qila boshlagan. Natijada, u parvoz qilib ketayotgan samolyot favqulodda qo`nishni amalga oshirishga majbur bo`lgan edi. Hozirda Navalniy reanimasiya bo`limida hushsiz holda yotibdi.
“Bizning taxminlarimizga ko`ra, Alekseyning choyiga qandaydir narsa aralashtirilib, uni zaharlashdi. Chunki, u bugun tongda choydan boshqa narsa ichmagandi” deydi Yarmish.
Huquqshunos va korrupsiyaga qarshi kurash faoli bo`lgan Navalniy so`nggi yillarda amaldagi hukumatga qarshi namoyishlarni tashkil qilgani uchun bir necha marta qamalib chiqqan. Inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha Evropa sudi Aleksey Navalniyning 2012 va 2014 yillardagi hibsga olingani siyosiy o`yin ekanini va bu holat Navalniyning huquqlarini buzganini ta`kidlagan. Ammo, Moskva bu qarorni shubhali deb atagan.