Muxlislar sevib tomosha qiladigan bir qancha filmlarning rejissyori Jahongir Ahmedov bilan saytimiz uchun qilingan maxsus suhbatimiz juda qizg`in suhbatga aylanib ketdi. Ayni vaqtda “O`zi ketar yor-yor, o`zi kelar yor-yor” filmining ovozlashtirish jarayonlari bilan band bo`lgan rejissyorga savollarimizni aynan shu filmdan boshladik.
—Mazkur filminggizni avvalgilaridan farqli jihati bormi?
—Avvalgi komediyalarimdan jiddiy farq qiladi deya olmayman, bu ham oilaviy komediya. Ammo g`oyaviyligi va ayni hozirgi kundagi oilada kelib chiqadigan muammolarni kulgu yo`li bilan tanqid ostiga olinganligi bilan farq qilsa kerak.
—Film mablag`i haqida to`xtala olasizmi?
—….
—Qancha vaqt davomida suratga olindi?
—To`rt oy deganda ovozlashtirish jarayonlariga etib keldik. Menimcha besh oylarda film o`z nihoyasiga etsa kerak.
—Qaerlarda suratga olindi, kimlar bosh rollarni ijro etishgan?
—Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining tog`li hududlarida suratga olindi. Bosh rollarda Muhammadiso Abduxayirov, Matyoqub Matchonov, Jamila G`ofurova, Muhammadiyor Mahkamov, Saida Rametova, Shokira Doniyorovalar.
—Juda ko`p filmlaringgizda hozir sanab o`tgan aktyorlaringgiz bilan birga ishlagansiz. Ammo nima sababdan yosh aktyorlarni katta sahnaga olib chiqishga ikkilanasiz?
—Agar e`tibor bersanggiz rejissyorlar orasida hali kinoga chiqmagan, chehrasi taniqli bo`lmagan aktyor, aktrisalarni olib chiqish bo`yicha eng oldida men tursam kerak. Mazkur filmimda ham Ibrohim Salomov degan yosh, iste`doli aktyor bilan ishladim. Hamda ilk bora Jamila G`ofurova bilan shu filmda birga ishladik.
—Ibrohim Salomovga ishonganinggizni aytyapsiz, mobodo bu aktyor sizning qarindoshingiz yoki film mablag`ini ma`lum qismini ko`tarmayaptimi?
—Toza vijdon bilan aytishim mumkin, bu bola qarindoshim ham emas, kinoning moddiy tomoniga ham aloqasi yo`q. Ko`pgina tomoshabinlar aytishadi yangi chehralar nega yo`q deb yangi chehrani birdan katta sahnaga chiqarib bo`lmaydi. Yangi chehrani olib chiqish 3-4 kunlik ish emas. Ular bu jarayonda kamida 3-4 yil pishishi lozim. Ibrohim Salomov ham uch yildan buyon shogird, mana endi unga ishonch bildirdik.