AsosiyJamiyat

O`zLiDeP nega “O`zavtomotors” ustidan hukumatga emas Raqobat qo`mitasi va Prokuraturaga arz qildi? — Alisher Qodirov

'O`zLiDeP nega “O`zavtomotors” ustidan hukumatga emas  Raqobat qo`mitasi va Prokuraturaga arz qildi? — Alisher Qodirov'ning rasmi

"Milliy tiklanish" partiyasi lideri Alisher Qodirov telegram kanalida "O`zavtomotors" bilan bog`liq vaziyatga o`z qarashlarini  yozib qoldirdi:

"O`zLiDeP “O`zavtomotors” masalasini o`zi tavsiya qilgan Hukumatga emas, Hukumatga hisobdor bo`lmagan Raqobat qo`mitasi va Prokuraturaga arz qildi. Bu ishonchsizlikka sabab nima?

Muammoni sud tartibida ko`rib chiqilishi albatta juda yaxshi, xalq haqiqiy holatdan xabardor bo`ladi, lekin sudning qarori qanday bo`lishidan qat`iy nazar, O`zLiDeP bu muammoni avval Hukumat bilan muhokama qilishi kerak edi. Chunki monopolistlar bilan bog`liq muammo faqat "O`zavtomotors"da tugamaydi. Xalqqa qimmat avtomashina sotib zarar etkazayotgan monopolistni sudga berib, tannarxidan arzon elektr energiya va gazni sotib, zararini byudjet mablag`laridan qoplab kelayotgan boshqa monopolistni boshini silab rivojlanib bo`lmaydi. Bozor talab va taklifga tayanib, manfaat uchun ishlab chiqaradi. Hamma narsa shaffof bo`lishi kerak. Har ikki holat ham O`zbekistonning rivojiga xizmat qilmaydi. Mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar monopoliyalarni bosqichma-bosqich tugatish, bozorga moslashtirish, JSTga a`zolik sharoitida raqobatga tayyorlashni maqsad qilgan. Biz hali to`liq bozor talablariga javob beradigan iqtisodiyotga ega emasmiz. Hukumat murakkab muvozanatni ushlab turish uchun nostandart qarorlar bilan ishlashga majbur bo`layotganini rad etib bo`lmaydi. Shunday sharoitda o`zi tavsiya qilgan Hukumatning bu masaladagi fikrini eshitmasdan shovqin ko`tarish, uzoqni o`ylamasdan ish qilishdan boshqa narsa emas.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko`ra, aynan shu munozara sababli “O`zavtomotors”ning xorijiy hamkori tomonidan yirik loyiha to`xtatib qo`yildi. Bu minglab vatandoshlarimiz uchun rejalashtirilgan ish o`rinlari edi. Da`vo qanoatlantirilsa, yaxshi, avtomobil narxlari muvofiqlashtiriladi, xaridorlarga etkazilgan zarar qoplab beriladi...

Qanoatlantirilmasachi?!

Mamlakatning avtomobilsozlik sohasida yo`qotishlar, etkazilgan zararni qoplash uchun Raqobat qo`mitasi rahbariyatining iste`fosi yoki etakchi partiyaning uzri etarli bo`ladimi?

Qaror qanday bo`lishidan qat`iy nazar o`tgan besh yillikda ham, bu besh yillikda ham Hukumatni tavsiya qilgan (shu davr ichida avtomobil narxini belgilab bergan) O`zLiDeP bu mojarodan xalq ishonchini suiste`mol qilayotgan bo`lib chiqaveradi" deb yozadi Qodirov

    Boshqa yangiliklar