Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumanida ichki ishlar organlari xodimi ishtirokida sodir bo`lgan yo`l-transport hodisasi haqida xabarlar tarqalmoqda. Ushbu YTH yuzasidan IIV rasmiy izoh berdi.
Mazkur fakt bo`yicha quyidagilarni ma`lum qilamiz. 24 avgust kuni taxminan soat 01.10 da Yunusobod tumani Yunusota ko`chasida “Kobalt” rusumli avtomobil haydovchisi 31 yoshli Toxirxo`ja A. (Toshkent shahar IIBB sobiq xodimi, shahodatlash komissiyasidan o`tmagach, rahbariyatning buyrug`i asosida joriy yilning 20 avgust kuni ichki ishlar organlaridan bo`shatilgan) piyodalarning tartibga solinmagan o`tish joyidan onasi bilan o`tayotgan yosh bolani urib yuborgan. YTH oqibatida 2 yoshli T.Ch. badan shikastlari bilan shifoxonaga etkazildi.
YTHning taxminiy sababi: tibbiy ekspertiza xulosasiga ko`ra haydovchi spirtli ichimlik ta`siri ostida bo`lgan va piyodalarni ko`rmay qolgan.
Rasmiy izohda aytilishicha, mazkur fakt asosida Toshkent shahar Yunusobod tumani IIO FMB Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266 moddasi 1 qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atilgan. Hozirda olib borilayotgan tergov ishlarining yakuniga ko`ra qonuniy chora ko`riladi.






