Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Turkmaniston betarafligining 20 yilligiga bag`ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun 11-12 dekabr kunlari ushbu mamlakatda bo`ldi.
Tashrifning asosiy voqealari 12 dekabr kuni bo`lib o`tdi.
Prezidentimiz xorijiy davlatlar rahbarlari bilan birga Betaraf Turkmaniston maydoniga tashrif buyurdi. Ushbu mamlakatning betarafligi timsoli bo`lgan Betaraflik monumenti poyiga gul qo`ydi.
1995 yil 12 dekabrda Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomi tan olingani to`g`risida BMT Bosh Assambleyasining rezolyusiyasi qabul qilingan.
Ushbu sananing 20 yilligi munosabati bilan Ashxobodda “Betaraflik siyosati: tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot yo`lida xalqaro hamkorlik” mavzuida xalqaro konferensiya bo`ldi. Konferensiyada O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so`zladi.
Tashrif doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning uchrashuvi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Bunda avvalo ikki davlat rahbarlari o`rtasidagi yaqin do`stlik, ishonch va hurmat muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uchrashuvda O`zbekiston va Turkmaniston munosabatlariga yuqori baho berildi. O`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Gurbanguli Berdimuhamedov Prezidentimiz Islom Karimovga ushbu bayram va xalqaro konferensiyada ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shu bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Turkmanistonga tashrifi nihoyasiga etdi.





