AsosiyJamiyat

«Voditeli Tashkenta» guruhi yopiladimi? Foydalanuvchilarning havotirlariga chek qo`yildi!

Kuni kecha saytimizda Facebook ijtimoiy tarmog`idagi “Voditeli Tashkenta” guruhi asoschisi Bobir Nurmuhammedovning RedPen'ga bergan intervyusidan parcha bergandik.

Shundan so`ng ushbu ijtimoiy tarmoqdagi mazkur nomdagi yana bir guruh yurituvchilari Darakchi.uz bilan bog`lanib, ularga guruh ishtirokchilari tomonidan guruh yopilishi to`g`risida juda ko`plab savol va e`tirozlar tushganini ma`lum qilishdi.

“Ushbu ma`lumotni inkor etib, foydalanuvchilarimizga guruh yopilmasligini bu gaplarga hech qanday asos yo`qligi va bu quruq mish-mish ekanligini ma`lum qilmoqchimiz. Faoliyat to`xtatilishi haqidagi mish-mishlar bizning guruhimizga tegishli emas, bu bizga tegishli bo`lmagan va bizdan qatnashchilar soni kam va unchalik mashhur bo`lmagan guruhning mulohazalari edi.”

Shu o`rinda biroz guruh faoliyatiga to`xtalib o`tmoqchimiz, "Voditeli Tashkenta"ning vazifasi yo`llarda haydovchi va piyodalar harakati madaniyatini oshirishdan iborat. Shuningdek, guruhimizning maqsadi nafaqat poytaxt balki boshqa hududlarda ham yo`l harakati qoidalariga rioya qilinishiga hissa qo`shishdan iborat.

Bugungi kunga kelib, bizning Telegram messenjerida 3000, Facebook da 47 000 dan oshiqroq, Instagramda 3 100 ishtirokchi bo`lib, yurtimizdagi eng katta haydovchilar jamiyati hisoblanadi.

Tan olish kerak, bizning faoliyatimizda xato-kamchiliklar ham yo`q emas. Biz o`z oldimizga, tashkil etilganimizga bir yil bo`lganligiga qaramay, juda ko`p maqsadlarni qo`yganmiz. Bularni amalga oshirishda yo`l qo`yilgan xatolarimizdan dars olishga va ularni bartaraf etishga harakat kilmoqdamiz. Lekin bizning hamjamiyatimiz bugungi kunda erishgan yutuqlarimizda to`xtab qolmay, balki yangi loyihalarni yo`lga qo`yish niyatidamiz. Istardik-ki, barcha yo`l harakati ishtirokchilari yo`ldagi madaniyat, o`zaro hurmat-e`tiborni yanada oshiriga o`z hissalarini qo`shsin.

Bizning "Voditeli Tashkenta" guruhimiz birinchi va yagona mualliflik huquqi bilan himoyalangan rasmiy logotipga ega. Bundan tashqari yaqin kelajakda bizning “Voditeli Tashkenta” nomli telefonlar uchun dasturimiz ishga tushadi. U orqali yo`l harakati ishtirokchilarini yo`ldagi vaziyatdan tezkor ravishda xabardor qilish, avtoulov nosozligi tufayli yo`lda qolib ketgan haydovchilarga yordam berish imkonini beradi. Bugungi kunda dastur ustida nafaqat yurtimiz, balki Janubiy Koreya mutaxassislari ish olib bormoqda.”

Tahririyat nomidan yana bir narsani ta`kidlab o`tmoqchi edik, aslida Bobir Nurmuhammedov RedPen nashriga bergan intervyusida guruh ishtirokchilarining e`tiroz va noroziliklari bildirilgan paytda jahl ustida o`zi asos solgan guruhni yopish istagi tug`ilishini va agar imkoni bo`lsa ushbu guruhni shu sohani undan chuqurroq tushunidagin insonga berib yuborish istagi borligini ma`lum qilgan edi.

    Boshqa yangiliklar