Rossiya hukumatining ashaddiy muxolifi Aleksey Navalniyning yaqin safdoshlaridan biri Ivan Zdanovning 26 avgustda aytgan so`zlariga ko`ra, uni zaharlashga faqat prezident Vladimir Putinning kuchi etadi xolos. Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.
“Navalniyning zaharlanishiga Putinning shaxsan o`zi buyruq bergani barchaga kundek ravshan. U Korrupsiyaga qarshi kurash fondining o`zi va uning hukumatiga qarshi qilayotgan ishlarini yomon ko`radi” deydi Navalniy tuzgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi rahbari Zdanov. Lekin, Zdanov o`zining bu da`volariga isbot keltirmagan.
Kreml Navalniyning kasal bo`lib qolishida Putinning qo`li borligi haqidagi har qanday xabarlarni haqiqatdan yiroq ekanligini ta`kidlagan. Shuningdek, rus hukumati Navalniyning haqiqatdan ham zaharlangani haligacha noma`lum ekanini ham aytib o`tgan.
44 yoshli Navalniy o`tgan haftada og`ir ahvolda Sibirdagi kasalxonaga yotqizildi. Rus shifokorlari uning zaharlanganini rad etishgan. Ammo, Navalniy 22 avgustda Germaniyaga olib kelindi va tekshiruvlardan keyin 24 avgustda nemis shifokorlari unga zaharlanish tashxisini qo`yishdi. Shundan so`ng, Germaniya kansleri Angela Merkel Rossiyadan Navalniyni zaharlaganlarni topib, ularni jazolashni so`ragan.
Navalniy o`tgan o`n yillikdan beri amaldagi hukumatga qarshilik qilib keladi. U kasal bo`lishidan avval o`zining o`limi Putinning foydasiga ishlamasligini aytgan. Navalniy o`zining tarafkashlariga agar o`lsa qahramonga aylanishini ham ta`kidlagan.






