24 avgust kuni Germaniya kansleri Angela Merkel Rossiya hukumatidan Aleksey Navalniyni zaharlaganlarni topib, ularni javobgarlikka tortishni so`radi. Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.
Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi bo`lgan Navalniy o`tgan haftada og`ir ahvolga tushgan va Sibirdagi kasalxonaga yotqizilgandi. U davolanish uchun 22 avgust kuni Germaniyaga olib ketildi.
Rus hukumati Navalniyning bu holatga tushganiga nima sabab bo`lgani noma`lum ekanligi, dastlabki tekshiruvlarning natijasi u zaharlanmaganini ko`rsatganini ma`lum qilgandi.
Lekin, Berlindagi Navalniyni davolayotgan nemis shifokorlari 24 avgustda Navalniydan olingan tahlillar zaharlanish belgilarini ko`rsatganini ta`kidlashdi.
“Navalniy Rossiyadagi taniqli siyosiy muxolif bo`lgani uchun rus hukumatidan ushbu jinoyatni oxirgi detallarigacha o`rganish va bu tekshiruvlarni batamom shaffof bo`lishi so`raladi. Bu ishni amaga oshirganlar aniqlanishi va javobgarlikka tortilishi shart” deydi Merkel o`zining bayonotida.
Berlindagi Charite kasalxonasi shifokorlari Navalniyni to`liq tekshiruvdan o`tkazishdi va uni zaharlanganini tasdiqlashdi. Ammo, rossiyalik tibbiyot mutaxassislari nemis shifokorlarining bu tashxislariga qarshi chiqishdi va u o`tgan haftada Omsk kasalxonasiga olib kelnganda unda zaharli moddalar aniqlanmaganini ta`kidlashgan.
Aleksey Navalniy o`n yildan ko`proq muddatdan beri amaldagi hukumatni tanqid qiladi. U korrupsiyaga qarshi namoyishlar uyushtirgani uchun bir necha marotaba hibsga olingan. Shuningdek, u 2018 yildan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishdan ham mahrum qilingan.