Xorazmda mahalla raisi pora bilan qo`lga tushdi. Bu haqda Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Mahalla fuqarolar yig`inining raisi qachonki shu mahallada yashovchi barcha fuqarolarning dardu-tashvishiga hamdard bo`lib, ularning hurmati va ishonchini qozona olsagina, uni mukammal darajadagi rais – oqsoqol deyishga arziydi.
Gurlan tumanidagi mahalla fuqarolar yig`inidan biriga raislik qilib kelayotgan, 1962 yilda tug`ilgan, N.A. ikki yoshga to`lmagan farzandi uchun nafaqa tayinlanishida yordam so`rab murojaat qilgan fuqaroga otalarcha g`amho`rlik qilish o`rniga, aksincha 400.000 so`m miqdorda pora talab qilgan.
Mazkur fuqaroning ichki ishlar organlariga qilgan murojaati asosida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, talab qilingan pulning bir qismini, ya`ni 350.000 so`m pulni pora tariqasida olayotgan mahalla fuqarolar yig`ini raisining qilmishi fosh etildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






