“Turkiston” saroyida “Oliy ta`lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” respublika ko`rik-tanlovi g`oliblarini taqdirlashga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlovning quyi bosqichida mingdan ziyod pedagog ishtirok etdi. Undao`qituvchilarning o`qitish metodikasi, qobiliyati, ilg`or pedagogik texnologiyalar va interfaol usullardan foydalana olish darajasi, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini ta`lim-tarbiya jarayoniga nechog`li joriy etishi sinovdan o`tkazildi.
Bu kabi ko`rik-tanlovlar yoshlarni tarbiyalash ishiga katta hissa qo`shayotgan o`qituvchi va murabbiylarning obro`-e`tiborini yanada yuksaltirish, mehnatini rag`batlantirishga qaratilgan.
Tanlovda 23 yo`nalish bo`yicha 59 pedagog g`olib va sovrindor bo`ldi. Ularning bilim va mahorati “Mutaxassisligi bo`yicha eng yaxshi pedagog”, “Eng yaxshi pedagog tadqiqotchi”, “Innovasiya va axborot texnologiyalarini qo`llaydigan eng yaxshi pedagog” nominasiyalari bo`yicha ham aniqlandi. Faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan rag`batlantirildi.





