Belorussiyada 30 avgust yakshanba kuni ham prezidentga qarshi namoyishlar davom etdi. Minskdagi prezident qarorgohi yaqiniga to`plangan odamlar qizil va oq rangli muxolif bayroqlarni ko`tarib olishgandi. Namoyishchilar “Tug`ilgan kuning bilan, kalamush” deya baqirib, 66 yoshga to`lgan Lukashenkoning iste`foga chiqishini talab qilishdi.





Belarusda qatorasiga ikki haftadan buyon namoyishlar davom etib kelmoqda. Shunga qaramasdan 26 yildan beri mamlakat tepasida turgan Aleksandr Lukashenko prezidentlikni topshirmoqchi emas. Uning yakshanba kuni o`zining rezidensiyasi atrofida qora kepka va qo`lida qurol bilan sayr qilib yurgandagi suratlari tarqaldi.

30 avgustda 66 yoshni qarshilagan Lukashenko bir necha haftadan beri yuz berayotgan namoyishlar va ish tashlashlarni bostirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Uning muxoliflari 9 avgust kungi saylovlarda g`irromlik ishlatilganini da`vo qilishmoqda. Lukashenko esa saylovlarda qalloblik ishlatilganini rad etib, mamlakatdagi namoyishchilarni chetdan qo`llab-quvvatlashayotganini ta`kidlamoqda.
Ushbu namoyishlar fonida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Lukashenkoga qo`ng`iroq qilib, uni tug`ilgan kuni tabrikladi va Moskvaga taklif etdi. Bu esa hozirda tartibsizliklar va G`arb davlatlarining sanksiyalar tahdidi bilan kurashayotgan Lukashenkoni rus hukumati qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanligining belgisidir.
Belorussiya Rossiyaning MDH davlatlari ichidagi eng yaqin ittifoqdoshi hisoblanadi. Belorussiya hududi Moskvaning Evropadan himoyalanish strategiyasida ajralmas qismga aylangan.






