1

Madaniyat vazirligi koronavirus oqibatida vafot etgan sanatkorlarni yodga oldi

Madaniyat 01.09.2020, 16:35
Madaniyat vazirligi koronavirus oqibatida vafot etgan sanatkorlarni yodga oldi

El-yurtimiz o`zining qadimiy va shonli tarixida ko`pdan-ko`p og`ir sinov va mashaqqatlarni boshidan kechirganini, ularning barchasini beqiyos mardlik va sabr-matonat bilan engib o`tganini hammamiz yaxshi bilamiz. Qahramon xalqimiz turli davrlarda yuz bergan vabo va o`latlar, ocharchilik, qahatchilik, urush va qatag`onlardan azmu qat`iyat bilan omon chiqqan.

Azaldan xalqimizning qonida, suyagida bo`lgan bunday olijanob fazilatlar koronavirus pandemiyasi davrida yana bir bor yaqqol namoyon bo`lmoqda.  

Bugungi kunda bu sinovlarni mardona engib o`tishda madaniyat va san`at sohasi vakillari ham ulkan hissa qo`shmoqda. Ayniqsa, xalqimiz orasida katta obro`-e`tibor qozongan san`atkorlarimiz o`zlarining barchani sabr-bardoshga, o`zaro mehr-oqibatli, ahil va hamjihat bo`lishga da`vat etuvchi ta`sirchan so`zlari va chiqishlari bilan yurtdoshlarimiz qalbida ertangi yorug` kunlarga ishonch tuyg`usini uyg`otayotganiga hammamiz guvohmiz.  

 Ming afsuski, bu kasallik tufayli ko`pgina yurtdoshlarimiz qatorida elimiz sevgan, iste`dodli san`atkorlarni ham so`nggi yo`lga kuzatishga majbur bo`ldik.

 Bugun biz o`zining o`lmas obrazlari bilan xalqimiz qalbidan mustahkam joy olgan O`zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromova, mashhur kompozitor va dirijyor, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan san`at arbobi Anvar Ergashev, barchamizning sevimli aktyorimiz, O`zbek Milliy akademik drama teatriga rahbarlik qilib, otaxon teatrimiz rivojiga katta hissa qo`shgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Fatxulla Ma`sudov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrining iste`dodli artisti Janibay Utepbergenov, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrining mahoratli aktyori, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Adham Abdullaev va boshqa san`atkorlarimizning nomlarini ehtirom bilan yodga olamiz.  

 O`z faoliyatining ma`no-mazmunini ona xalqimizga, jonajon Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishda deb bilgan bu fidoyi yurtdoshlarimizdan boy ma`naviy meros qoldi.  

Ularning teatr sahnalarida, badiiy va televizion filmlarda yaratgan yorqin obrazlari, yurtimiz va jahon miqyosida e`tirof etilgan musiqiy asarlari abadiyat mulki bo`lib qolishi, shubhasiz.  

 Bu aziz insonlar xalqimizning qalbi va ongi uyg`oq, vatanparvar farzandlari sifatida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlarning doimiy ishtirokchisi va targ`ibotchisi edilar.  

Ular katta ijod va hayot tajribasiga ega ustozlar sifatida o`nlab iste`dodli yoshlarni tarbiya qildilar.  

Bu betakror san`atkorlarimiz haqida so`z borar ekan, atoqli shoirimiz Erkin Vohidovning quyidagi misralari yodga keladi:

 San`atga baxsh umrning ajib mo``jizasi bor,  

U dunyoni tark etsa, undan dunyo qoladi.  

Odam umri sarhadli, qo`shiq umri poyidor,  

Navosoz yuraklarda o`lmas navo qoladi.  

 Darhaqiqat, bir o`lmas navo, poyidor qo`shiq singari san`atga baxsh umrlar ham zavol bilmasdir.  

Milliy madaniyatimiz va san`atimizning fidoyi namoyandalari xotirasi hamisha qalbimizda yashaydi.  

Ularning oilalari va yaqinlariga, millionlab muxlislariga Madaniyat vazirligi butun san`at ahli nomidan chuqur ta`ziya bildirib, Yaratgandan sabr-toqat va bardosh tilaydi.

 O`tganlarning oxirati obod bo`lsin.  

 O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1