Odessa. Qora dengiz sohilida joylashgan Ukrainaning million aholisiga ega go`zal kurort shahri. Maydoni 162 kv.km. Samarqand. O`zbekistonning markazida joylashgan, turizmga ixtisoslashgan tarixiy shahri. Maydoni 120 kv.km. Asosiy daromadlaridan biri turizm evaziga shakllanadigan har ikkala shaharda pandemiya tufayli turizm tushumlari keskin qisqarib ketdi. Samarqandda bugun turizm tarmog`iga qanday ko`maklashilmoqda? Samarqand nega Odessaga qiyoslanyapti? “million shahar” nimani anglatadi? Va albatta, eng og`riqli muammolarimizdan bo`lgan kambag`allikka qarshi kurashishda “million shahar”ning ahamiyati qanday? Bugungi mavzumizda shu kabi savollarga javob topamiz.
Pandemiyada Samarqand turizmi qanchalik zarar ko`rdi?
Akrom Egamov, Samarqand shahar hokimi 1-o`rinbosari:
— Turizm Koronavirus pandemiyasining salbiy ta`siri oqibatida eng ko`p zarar ko`rgan va ko`rayotgan sohalardan biri bo`ldi. Ushbu vaziyat tufayli shahrimizga tashrif buyurgan turistlar soni hamda ular tashrifidan olinadigan turistik xizmatlar eksporti keskin kamaydi. Xususan, o`tgan 2019 yilning mos davrida 281 ming 200 nafar xorijiy sayyohlar tashrifi kuzatilgan bo`lsa, bu yil ushbu ko`rsatkich 49 ming 500 nafarni, mahalliy sayyohlar soni 1 mln. 281 ming nafarni tashkil etgan bo`lsa, bu yil ularning soni 433 ming 455 nafarni tashkil etdi. Shahardagi 250 ta joylashtirish vositalarida joriy yilning 8 oyi uchun 120 ming nafar xorijiy fuqarolarga joylar band qilingan edi, tashriflar bekor qilinishi oqibatida joylashtirish vositalari 95 mlrd. 300 mln. so`mlik tushumlardan mahrum bo`lishdi.
Mehmonxona xizmatlariga qanday ko`maklashilmoqda?
— Samarqand shahrida koronavirus pandemiyasi davrida:
- 20 ta mehmonxonalarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan va infeksiya bilan zararlanganlikda shubha ostidagi shaxslarni qabul qilgan hamda 160 nafar ishchi xodimlari ish faoliyatini olib borgan.
- Bundan tashqari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 martdagi 5969-son farmoni bilan turistik operatorlarga, mehmonxona biznesi sub`ektlariga, transport-logistika kompaniyalariga va turizm tarmog`ining boshqa korxonalariga ajratilgan kreditlar bo`yicha qarzdorliklarni to`lash bo`yicha kechiktirishni (jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda) 2020 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirildi.
- Viloyatda 20 ta joylashtirish vositalari bugungi kunda tijorat banklaridan o`rtacha 20% stavkasida 30,9 mlrd. so`m miqdorida kredit mablag`lari olingan.
- O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi 5978-son farmoni bilan turistik xizmat ko`rsatuvchi korxonalar va mehmonxona faoliyati bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar er va mol-mulk soliqlarini to`lashdan ozod etildi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushirildi.
- Shuningdek, O`zbekiston Respubikasi Prezidentining 2020 yil 28 mayda qabul qilingan 6002-sonli farmoni bilan berilgan ssuddalar, subsidiyalar va grantlarning ajratilishi hozirgi kunda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan korxonalar faoliyatini qayta tiklashda katta amaliy yordam bo`ldi.
- Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub`ektlariga 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrga qadar foyda solig`i stavkasi belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirildi.
- Barcha turfirmalar va joylashtirish vositalari uchun 12 oy muddatga bir martalik maqsadli foizsiz ssudalar ajratilmoqda.
“million shahar” nima va uning ahamiyati qanday?
“Samarqand shahrida hozirda pasport bo`yicha 549 mingga yaqin aholi mavjud. Lekin uyma-uy yurib tekshirilganda propiskasi boshqa hududlarda bo`lib, lekin Samarqand shahrida yashayotganlar soni 940 ming nafardan oshadi. Hozirda Samarqand shahrini kengaytirish masalalari ko`rilmoqda. Agar shaharga yondosh tumanlarning bir qismi qo`shilsa, shunda shahrimiz aniq “million aholili shahar”ga aylanib, ham maydoni, ham aholisi jihatidan Odesssaga tenglashadi”, - deydi Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov biz bilan suhbatda.
Uning ta`kidlashicha, “million shahar”ning tashkil etilishi bilan shaharning investision jozibadorligi oshadi. Unga qiziquvchilar ko`payib, shaharda ko`plab ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish loyihalari ishga tushishiga sabab bo`ladi. Bu bilan yangi ish o`rinlari yaratiladi. Mahalliy ishsiz aholi ish bilan ta`minlanadi.
Xulosa o`rnida
Samarqand shahrida “temir daftar” yuritish tizimi boshqa tumanlarga qaraganda boshqacharoq. Chunki aholisining asosiy qismi ko`p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi shaharda kambag`allikdan chiqarish uchun fuqarolarga issiqxona, qoramol, parrandachilik yoki qishloq xo`jaligi kooperasiyasini tashkil etib ko`maklashish imkonsiz. Pandemiya bo`lmaganda turizmdan tushadigan daromadlar evaziga shaharda kambag`allikka qarshi kurashish birmuncha oson bo`lar edi. Shuning uchun ham Samarqand shahri tezroq “million shahar”ga aylanishdan manfaatdor. Shunday bo`lsa-da, “temir daftar” yuritish bo`yicha Samarqand shahar tajribasi shakllangan. Bu haqida keyinroq batafsil ma`lumot beramiz.
Sardorbek Rahmonqulov