Xitoy Tojikistonda yangi harbiy bazani joylashtirish masalasini ko`rib chiqayotgan ekan. Chin armiyasining o`sib borayotgan bunday ishtahasi esa, tabiiyki, rasmiy Vashingtonni xavotirga solmoqda.
«Jibutidagi o`zining harbiy bazasidan tashqari XXR xorijdagi yangi harbiy-logistika ob`ektlari uchun joylarni o`rganmoqda. Bu boradagi tanlov ko`proq Tojikiston va yana 11 ta mamlakatga to`g`ri kelish ehtimoli katta», — deyiladi Pentagonning har yillik hisobotida.
Xabaringiz bor, Si Szinpin rahbarlik qilayotgan davlat Tojikistonga moliyaviy yordamni ayamay berib keladi. Qo`shnilarimiz oxirgi yillarda xitoyliklar mablag`i hisobiga Terrorizmga qarshi kurashish markazi, Ofiserlar uyi, Tojikiston — Afg`oniston chegarasidagi bir nechta chegara zastavasini qurib bitkazdi.
Aslida bu okean ortidan mazkur mavzuda qilinayotgan birinchi axborot spekulyasiyasi emas. Masalan, 2019 yilda AQSh ommaviy axborot vositalarida Tog`li Badaxshon avtonom o`lkasida XXRning maxfiy harbiy bazasi borligi haqidagi ma`lumotlar tarqatilgan edi. Bu esa keyinchalik ham, hozir ham o`z tasdig`ini topmadi.
Bizga Markaziy Osiyo tinch-totuv, xavotirli geosiyosiy o`yinlardan xoli barqaror mintaqaga aylanishi o`ta muhim hisoblanadi.






