1

“Men “Barsa” bilan hech qachon sudlashmayman”: Messi o`z klubida yana bir yil qolishga qaror qildi

Sport 05.09.2020, 08:03
“Men “Barsa” bilan hech qachon sudlashmayman”: Messi o`z klubida yana bir yil qolishga qaror qildi

Argentinalik futbol yulduzi Lionel Messi o`zining kelajagi haqidagi qizg`in bahslarga nuqta qo`yib, “Barselona”da yana bir yil mobaynida faoliyat olib borishini ma`lum qildi. Messi bu qarorining yagona sababi o`z klubi bilan amaldagi shartnomasi bo`yicha sudlashishni xohlamasligi bo`lganini aytgan.

33 yoshli Messi o`tgan oyda “Barselona” rahbariyatiga klubdan ketmoqchiligini, o`zining shartnomasidagi bandlardan biri uni klub tekinga qo`yib yuborishiga imkon berishini da`vo qilgandi. Lekin, ”Barselona” agar Leo ketishni xohlasa shartnomada ko`rsatilgan 700 million evro (824 million AQSh dollari) miqdorida tovon puli to`lashini talab qildi.

“Men klubda baxtli emasdim va ketishni xohladim. Lekin, menga bunday qilishga hech qanday imkon berishmadi va men klub bilan qonuniy tomondan bahslashmaslik uchun bu erda qolyapman. Men hech qachon “Barsa” bilan sudlashmayman. Chunki, u menga barcha narsani taqdim etgan sevimli klubimdir. Men “Barsa”da hayotimni qurdim” deya Messining so`zlarini keltirdi Goal.com sayti.

Messining klub bilan shartnomasi 2021 yilning 30 iyunida tugaydi. U klubda yana bir mavsum qolib, 83.4 million AQSh dollari miqdorida bonus oladi va keyingi yili tekinga boshqa jamoaga o`tib ketishi mumkin bo`ladi.

Lionel Messi ko`pchilik tomonidan barcha davrlarning eng yaxshi futbolchilaridan biri deb hisoblanadi. U hozirgacha dunyoning eng yaxshi o`yinchisi unvonini olti marta qo`lga kiritgan. U “Barselona”dagi 731 ta o`yinida 654 ta gol urgan, 285 marta assissentlik vazifasini bajargan. Messi 10 karra Ispaniya chempioni, 4 karra UEFA Chempionlar ligasi sohibidir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1