AsosiyDunyo

JSST: 2021 yil oxirigacha ma`qul topilgan vaksinadan dunyo aholisiga 2 milliard doza etkazib beriladi

'JSST: 2021 yil oxirigacha ma`qul topilgan vaksinadan dunyo aholisiga 2 milliard doza etkazib beriladi'ning rasmi

Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkiloti COVID-19 ga qarshi katta miqyosdagi emlash ishlari 2021 yilning o`rtalarigacha amalga oshirilishini kutmayapti. JSST hozirda yaratilayotgan vaksinalarning xavfsiz va samarali ekanligini aniqlash uchun ular jiddiy tekshiruvlardan o`tishi kerakligiga urg`u bermoqda. Bu haqda ushbu tashkilotning matbuot kotibi Margaret Harrisning ijtimoiy tarmoqda tarqalgan so`zlariga tayanib Tarjumon yozmoqda

JSSTning ma`lum qilishicha, hozirgi kunda dunyoda ishlab chiqilayotgan hech qaysi vaksinaning samaradorligi kamida 50 foizni tashkil qilgani yo`q.

“Biz keyingi yilning o`rtalarigacha koronavirusga qarshi ommaviy emlashni boshlashni rejalashtirmayapmiz. Biz COVID-19 ga qarshi vaksinalarning qanchalik darajada samara berishi va bu kasallikdan himoya qila olishini ko`rishimiz uchun sinovlarning uchinchi bosqichi uzoqroq davom etishi kerak” deydi Harris.

Rossiya avgust oyida dunyodagi koronavirusga qarshi ilk vaksinani ro`yxatdan o`tkazdi. Lekin, bu paytda mazkur vaksina insonlarda sinalayotganiga hali ikki oy ham bo`lmagandi. Bu holat G`arblik ba`zi ekspertlarning rus vaksinasining xavfsizligi va samarasiga shubha bilan qarashlariga sabab bo`ldi.

3 sentyabr kuni AQShdagi ommaviy sog`liqni saqlash rasmiylari va Pfizer Inc kompaniyasi o`zlarining koronavirusga qarshi vaksinalari oktyabrga kelib aholiga tarqatishga tayyor bo`lishini ma`lum qildi. Bu 3 noyabrda bo`lib o`tadigan prezidentlik saylovlarida Tramp g`olib bo`lishining asosiy omillaridan biri bo`lishi mumkin.

Ayni paytda JSST va vaksina bo`yicha GAVI ittifoqi dunyo mamlakatlariga koronavirus vaksinasini tarqatish bo`yicha COVAX nomli rejani olib borishmoqda. Ushbu loyiha mamlakatlar orasida vaksinani adolatli tarzda tarqatishga yordam beradi. Hozirda har bir davlatdagi virus yuqtirib olish xavfi eng yuqori bo`lgan qatlamni, masalan, shifokorlarni birinchi navbatda emlash maqsad qilinmoqda.

COVAX ga ko`ra, 2021 yilning oxirigacha ma`qul ko`rilgan vaksinadan dunyo aholisiga 2 milliard dozada etkazib berish rejalashtirilmoqda. Lekin, AQSh kabi o`zlari uchun ehtimoliy vaksinalarini sotib olishga kelishib bo`lgan davlatlar COVAX ga qo`shilmasliklarini ma`lum qilishdi.

“Muhimi, bizning eshiklarimiz ochiq. COVAX ning maqsadi Er sayyorasidagi barcha odamlarga vaksina etib borishini kafolatlashdir” deydi Harris.
 

    Boshqa yangiliklar